Hossam Hassan: “Messi musobaqada qolishi uchun bizga nisbatan adolatsizlik qilindi”

Jahon chempionatining nimchorak final bosqichidan oʻrin olgan Argentina va Misr terma jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv katta mojarolarga sabab boʻldi. Amaldagi chempionlar 3:2 hisobida gʻalaba qozonib, chorak finalga yoʻl olgan boʻlsa-da, Misr tomoni hakamlikdan ashaddiy norozilik bildirmoqda. Misrliklar uchrashuv davomida ikki toʻp farqi bilan oldinda borayotgan edi, biroq yakunda magʻlubiyatga uchradi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Misr terma jamoasi bosh murabbiyi Hossam Hassan oʻyindan soʻng bergan intervyusida oʻz jamoasi “tizimli adolatsizlik” qurboni boʻlganini taʼkidladi. Uning fikricha, hakamlar va tashkilotchilar turnirning asosiy yulduzi Lionel Messi musobaqani tark etmasligi uchun barcha choralarni koʻrgan. Hassan oʻyin natijasiga maydondagi texnik omillardan koʻra, tashqi bosimlar koʻproq taʼsir qilganini ochiqchasiga aytdi.
Hakamlik mojarosi va VAR tizimidagi shubhalar
Misrliklarning eʼtirozlari asosan ikkita vaziyatga qaratilgan. Birinchisi, hisob Misr foydasiga turganda bekor qilingan gol boʻlsa, ikkinchisi, uchrashuv yakunida Enzo Fernandez tomonidan urilgan gʻalaba goli oldidan sodir boʻlgan qoidabuzarlikdir. Hossam Hassanning soʻzlariga koʻra, Alexis Mac Allister raqib futbolchisining futbolkasidan ochiqchasiga tortgan boʻlsa-da, VAR tizimi bu vaziyatni tekshirishni lozim topmagan.“Biz amaldagi jahon chempionlaridan har jabhada ustun edik, biroq natija maydondagi va undan tashqaridagi omillar sababli oʻzgarib ketdi. Ehtimol, ular Lionel Messi poygada qolishini istashgandir. Futbolda baʼzan texnik jihatlardan ustun turadigan tashqi kuchlar boʻladi. Argentina har bir darajada qoʻllab-quvvatlandi”, — deya achchiq bilan gapirdi Misr uroli.
Shuningdek, Misr tomoni oʻyin boshlanishidan avval hakam tayinloviga ham qarshi chiqqanini maʼlum qildi. Ular hakamning tanlanishi Argentina foydasiga ishlashi mumkinligidan xavotirda boʻlishgan. Uchrashuv davomida Muhammad Salahga nisbatan ishlatilgan qoʻpollik uchun penalti berilmagani va bu vaziyat hatto takroran koʻrilmagani misrlik futbolchilarning gʻazabini yanada oshirdi.
Misr terma jamoasi hujumchisi Mostafa Zico ham murabbiyining fikrlarini qoʻllab-quvvatladi. Uning aytishicha, 2:0 hisobidan keyin maydonda “tushunarsiz voqealar” sodir boʻla boshlagan. Darvozabon Mostafa Shobeir oʻyin davomida Lionel Messi ijrosidagi penaltini qaytarib, qahramonlik koʻrsatgan boʻlsa-da, yakuniy natija jamoa uchun fojiali boʻldi. Misrliklar bu magʻlubiyatni sport prinsiplariga zid deb hisoblamoqda.






























Izohlar 0
…