Maydondagi fojea: chaqmoq urgan futbolchi hayotdan ko‘z yumdi

Maydondagi fojea: chaqmoq urgan futbolchi hayotdan ko‘z yumdi

Malayziyaning Malakka shahrida o‘tkazilgan o‘rtoqlik futbol uchrashuvi ayanchli fojea bilan yakunlandi. Uchrashuv davomida maydonga chaqmoq tushishi oqibatida 28 yoshli futbolchi R. Tanesh hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Astro Awani nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tanesh «Tanjung Minyak» klubi safida «Rembau Indian Veteran» jamoasiga qarshi o‘rtoqlik bahsida ishtirok etayotgan bo‘lgan. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 17:30 da boshlangan. Oradan o‘n daqiqa o‘tgach yengil yomg‘ir yog‘ib, keyin esa momaqaldiroq boshlangan. Aynan shu vaqtda futbolchi, uchrashuv hakami hamda yana bir kishi maydonda chaqmoq urishi natijasida yiqilgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Taneshning tanasining pastki qismi qattiq kuygan. U hushsiz holatda shaxsiy avtomashinada shifoxonaga olib borilgan, ammo shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lmagan. Hakam ham shifoxonaga yotqizilgan, uchinchi jabrlanuvchiga esa tibbiy yordam talab etilmagan.

Malayziya futbol assotsiatsiyasi (FAM) marhumning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, mahalliy futbol assotsiatsiyasi hamda uchrashuv tashkilotchilaridan hodisa yuzasidan to‘liq hisobot taqdim etishni talab qildi.

FAM bosh kotibi Datuk Nur Azman Rahmonning ta’kidlashicha, ushbu voqea futbolda xavfsizlik choralari doimo birinchi o‘rinda turishi kerakligini yana bir bor ko‘rsatdi. U real vaqtda chaqmoq xavfini aniqlaydigan tizimlardan foydalanish muhimligini qayd etib, ob-havo keskin yomonlashganda o‘yinni to‘xtatish yoki boshqa vaqtga qoldirish mas’uliyatli qaror ekanini ta’kidladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar