38 daraja issiqda mashinada qolgan ikki yoshli qizcha vafot etdi

AQSHning Florida shtatida yurakni ezuvchi fojia sodir bo‘ldi. Mashina ichida qolib ketgan ikki yoshli qizaloq kuchli issiq ta’sirida hayotdan ko‘z yumdi. CBS News xabariga ko‘ra, fojia vaqtida bola enagasining qaramog‘ida bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, voqea Mayami shahridan taxminan 32 kilometr shimolda joylashgan Hallandeyl Bich shahrida ro‘y bergan. 5 iyul kuni soat 13:35 atrofida politsiya xodimlari chaqiruv asosida turar joylardan biriga yetib borgan va hovlida turgan miniven (mikroavtobus) ichida ikki yoshli qizchani aniqlagan.
O‘sha kuni shaharda havo harorati 38 darajagacha ko‘tarilgan bo‘lib, yopiq transport vositasi ichidagi harorat bundan ham yuqori darajaga chiqqan bo‘lishi mumkin. Qutqaruvchilar bolani zudlik bilan shifoxonaga yetkazgan, ammo shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lmagan. Qizchaning avtomobilda aniq qancha vaqt qolib ketgani hozircha ma’lum emas.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan prokurorlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tergov davom etayotgani sababli hozircha hech kimga nisbatan rasmiy ayblov e’lon qilinmagan.
Huquq-tartibot idoralari ushbu voqeadan so‘ng barcha ota-onalar, vasiylar va enagalarga yana bir bor muhim ogohlantirish bilan murojaat qildi.
«Bu juda og‘ir va qayg‘uli yo‘qotish. Biz bolaning oilasi hamda ushbu fojiadan jabr ko‘rgan barcha insonlarga hamdardlik bildiramiz. Shuningdek, barcha ota-onalar, vasiylar va enagalarni yana bir bor ogohlantiramiz: mashinani qulflab ketishdan oldin har doim orqa o‘rindiqni tekshiring», — deyiladi politsiyaning rasmiy bayonotida.
KidsAndCars.org nodavlat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu AQSHda 2026 yil boshidan buyon issiqda mashina ichida qolib ketishi oqibatida halok bo‘lgan kamida o‘ninchi bola hisoblanadi. 2025 yil davomida esa mamlakat bo‘ylab xuddi shunday baxtsiz hodisalar tufayli kamida 37 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan.






























Izohlar 0
…