PSJ Parma darvozaboni Zion Suzuki transferi ustida ishlamoqda

Fransiya chempioni PSJ Parma darvozaboni, 23 yoshli yaponiyalik Zion Suzuki uchun 40 million yevrogacha mablag' ajratishga tayyor. Klub rahbariyati va Luis Enrike uning salohiyatini yuqori baholab, transfer orqali kelajak uchun poydevor yaratmoqchi. PSJ futbolchini xarid qilgan taqdirda, tajriba va o'yin amaliyotiga ega bo'lishi uchun uni boshqa jamoaga ijaraga berishni ko'rib chiqmoqda, Yuventus ham bu imkoniyatni o'rganmoqda.
Fransiya chempioni Pari Sen-Jermen darvoza chizigʻini yanada kuchaytirish maqsadida Italiyaning Parma klubi darvozaboni Zion Suzukini oʻz safiga qoʻshib olish harakatini boshladi. Le Parisien nashri tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, Parij klubi 23 yoshli yaponiyalik futbolchi transferi uchun 40 million yevrogacha mablagʻ ajratishga tayyor. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Pari Sen-Jermen rahbariyati, xususan sport maslahatchisi Luis Kampos va bosh murabbiy Luis Enrike yosh darvozabonning salohiyatini yuqori baholamoqda. Osiyolik posbon A Seriyadagi tajribasi va ulkan oʻsish salohiyati bilan parijliklar eʼtiborini tortgan. Klub uning transferi orqali kelajak uchun poydevor yaratishni maqsad qilgan.
Transfer va ijara rejasi
Le Parisien xabar qilishicha, Zion Suzuki xarid qilingan taqdirda ham darhol Parij klubining asosiy tarkibiga qoʻshilmasligi mumkin. PSJ rahbariyati futbolchini tajriba orttirishi va barqaror oʻyin amaliyotiga ega boʻlishi uchun boshqa jamoaga ijara asosida berib yuborish variantini jiddiy koʻrib chiqmoqda.Italiya matbuoti tarqatgan xabarlarga koʻra, Turinning Yuventus klubi ham mazkur darvozabonni ijara asosida oʻz safiga qoʻshib olish imkoniyatlarini oʻrganmoqda. Garchi turinliklar PSJ bilan transfer poygasida raqobat qilishdan voz kechgan boʻlsada, futbolchini vaqtincha oʻz safida koʻrishni istamoqda.
Parijdagi darvozabonlar raqobati
Ayni paytda Fransiya poytaxtida Matvey Safonov va Lyukas Shevalye oʻrtasida keskin raqobat davom etmoqda. Luis Enrike qoʻl ostida bu ikki darvozabonning hech biri asosiy tarkibdagi oʻrnini toʻliq kafolatlay olgani yoʻq, bu esa darvozabonlar chizigʻidagi raqobatni yanada kuchaytirmoqda.Oʻtgan mavsumda oʻz oʻrnini yoʻqotganiga qaramay, Shevalye Parijda qolib, asosiy tarkib uchun kurashishni niyat qilgan. Mavsumoldi oʻyinlarida murabbiylar shtabi har ikkala posbonga ham imkoniyat taqdim etmoqda va darvozabonlar iyerarxiyasi hozircha yangitdan shakllantirilmoqda.






























Izohlar 0
…