Yuventus uchun darvozabon muammosi keskin tus oldi

Interga qarshi mag'lubiyatdan so'ng Yuventusda yangi birinchi raqamli darvozabonni transfer qilish zarurati keskinlashdi. Michele Di Gregorio uchrashuvdagi ishonchsiz harakatlari sabab murabbiylar shtabi va klub rahbariyatini to'liq ishontira olmadi, garchi uning shartnomasi 2029-yilgacha tuzilgan bo'lsa-da. Turin klubi hozircha Di Gregorio uchun xaridor va munosib asosiy darvozabon topa olmadi, Alisson hamda Dibu Martines esa boshqa jamoalarga o'tib ketgan.
Avstraliyaning Pert shahrida boʻlib oʻtgan Interga qarshi bahsdagi magʻlubiyat Yuventus klubida darvozabonlar masalasini yana bir bor eng dolzarb muammoga aylantirdi. Goal.com xabar berishicha,uchrashuvdagi noaniq harakatlar tufayli bosh murabbiy Luchiano Spalletti boshchiligidagi jamoada yangi birinchi raqamli darvozabonni transfer qilish ehtiyoji mutlaq favqulodda tus olgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Aslida mavsumoldi oʻrtoqlik uchrashuvlari turinliklar uchun ijobiy boshlangandi. Spalletti shogirdlari Bazel, Standard, Nitstsa va Chelsi kabi jamoalarga qarshi dastlabki toʻrtta oʻyinda oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga muvaffaq boʻlgandi. Himoyaning tartibli oʻyini evaziga Michele Di Gregorio va Mattia Perin raqiblarga koʻp imkoniyat qoldirmasdan, mutaxassislarda iliq taassurot qoldirgandi.
Derby d’Italia uchrashuvidagi xatolar
Biroq Interga qarshi kechgan oʻyinda eski xatolar va muammolar yana yuzaga chiqdi. Interning birinchi golida Dimarkoga zarba berish uchun juda koʻp boʻsh joy berilgan boʻlsa-da, Di Gregorio toʻpga kech tashlangani sezildi. Ikkinchi vaziyatda esa Diufning yaqin masofadan bergan zarbasini qaytarishda darvozabonning ishonchsiz va qoʻpol xatoga yoʻl qoʻygani toʻpning toʻrga borib tushishiga sabab boʻldi.Ushbu holat oʻtgan mavsumdagi San-Siroda Interga va Alyans stadionida Komoga qarshi bahslardagi yoʻl qoʻyilgan koʻplab xatolarni eslatib yubordi. Natijada 1997-yilda tugʻilgan darvozabonning jamoadagi kelajagi yana savol ostida qoldi. Shartnomasi 2029-yilgacha tuzilganiga qaramay, u ham murabbiylar shtabini, ham klub rahbariyatini toʻlaqonli ishontira olmadi.
Transfer bozoridagi qiyinchiliklar va yangi nomzodlar
Transfer oynasining yopilishiga sanoqli haftalar qolgan bir paytda, Yuventus tarkibida Di Gregorio bilan birga Mattia Perin va Pinsolyo qolmoqda. Perin va Pinsoliyoning shartnomasi bir yildan keyin yakuniga yetishi, Di Gregorio esa iyul oyidagi agenti bilan bogʻliq shov-shuvli vaziyatdan soʻng jamoada deyarli yakkalanib qolgani klubni qiyin ahvolga solib qoʻygan.Hozircha Turin klubi Di Gregorio uchun munosib xaridor ham, kerakli darajadagi yangi asosiy darvozabon ham topgani yoʻq. Asosiy nishonlar boʻlgan Alisson va Dibu Martines boshqa jamoalarga oʻtib ketgan boʻlsa, Visario kabi muqobil variantlar ham rahbariyatni toʻliq qanoatlantirmayapti. Pari Sen-Jermen klubi parmalik yaponiyalik darvozaboni Suzukini sotib olsa, uni Yuventusga ijara asosida berish gʻoyasi oxirgi variant sifatida koʻrib chiqilmoqda.
A Seriya mavsumi boshlanishiga atigi ikki hafta qolgan vaqtda, Karnevali, Massara hamda Ottolini kabi klub mutasaddilari ushbu muammoli pozitsiyani qanday hal etishi yaqin soatlarda maʼlum boʻladi. Mavsum boshida darvozabon masalasi shunchaki ustuvor vazifa boʻlgan boʻlsa, endilikda u toʻlaqonli krizisga aylandi.






























Izohlar 0
…