«Paxtakor»ga tayyorlangan syurpriz ish berdi: «Neftchi» ustozi g‘alaba omillarini izohladi

O‘zbekiston Kubogining 1/8 finali markaziy bahsida Farg‘onaning «Neftchi» klubi o‘z maydonida azaliy raqibi «Paxtakor»ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, musobaqaning chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Uchrashuv yakunlangach, farg‘onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etib, muhim g‘alaba tafsilotlari va jamoa ichidagi murakkab vaziyatlar haqida batafsil to‘xtaldi.
Murabbiyning ta’kidlashicha, ushbu bahs jamoa uchun prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan, chunki «Neftchi» o‘z uyida «Paxtakor»ga ketma-ket ikki marta mag‘lub bo‘lgan edi.
Isitma, og‘riq va jarohatlar ostidagi haqiqiy matonat
Islom Ismoilov tarkibdagi jiddiy muammolarga qaramay, futbolchilarning ko‘rsatgan jasoratini alohida e’tirof etdi:
Og‘riq va shamollash bilan kechgan bahs: «Asosiy tarkibda tushgan ko‘plab o‘yinchilarimiz kuchli og‘riq, isitma va shamollash bilan maydonda harakat qildi. Hozirda jamoaning 7 nafar futbolchisi safdan chiqqan bo‘lishiga qaramay, yigitlar haqiqiy matonat va iroda hisobiga g‘alabani ilib ketishdi;
Yo‘ldoshevning markazdagi «syurprizi»: Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning markazda o‘ynashi taktik reja bilan bog‘liq edi. «Paxtakor»ning xavfli o‘ng qanotini yopish uchun chap qanot futbolchilarimiz bir vaqtda tushirildi. Afsuski, Yo‘ldoshev birinchi taym oxirida muskulini tortib oldi;
Bekor qilingan gol va ofsayd bahsi: Murabbiy inobatga olinmagan gol haqida to‘xtalib, TV takrorida ofsayd ko‘rinmaganini, vaziyat to‘liq o‘rganib chiqilishini bildirdi.
«Yutsa hokim va tarkib, yutqazsa murabbiy»: Tanqidlarga munosabat
Matbuot anjumanida bosh murabbiy tanqidlar, g‘alaba omillari va shtabdagi xorijlik mutaxassislarning ketishi bo‘yicha savollarga keskin va ochiq javob qaytardi:
Uchta asosiy faktor: «Natija faqat murabbiy yoki faqat homiyning mehnati emas. Homiylik va moliyalashtirish, kuchli tarkib va murabbiy birlashsagina natija bo‘ladi. Hozir “Neftchi”da bu uch faktor a’lo darajada ishlamoqda. Tanqidlarga esa normal qaraymiz;
Shtabdagi o‘zgarishlar: Chet ellik murabbiylar (Xuan, Fakundo) shartnomasidagi band sabab Yevropa va Kolumbiya klublaridan tushgan takliflar tufayli ketdi, Gede esa oilaviy sabablarga ko‘ra xayrlashdi. Jamoa shaxslarga emas, bitta g‘oya va falsafaga bog‘lanishi kerak. Bugun men bordirman, ertaga ketarman, lekin o‘yin uslubi o‘zgarmasligi shart».































Izohlar 0
…