«Nasaf» «Neftchi»ni yirik hisobda mag‘lub etdi

«Nasaf» «Neftchi»ni yirik hisobda mag‘lub etdi

«Nasaf» Superliganing 20-turida «Neftchi»ni yirik hisobda mag‘lub etdi. Qarshidagi «Markaziy» stadionda o‘tgan uchrashuvda mezbonlar 6 ta gol urgan bo‘lsa, mehmonlar 2 marta javob qaytardi.

Uchrashuvda hisob 6-daqiqada ochildi. Umar Eshmurodov «Nasaf»ni oldinga olib chiqdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, Bobir Abdixoliqov hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Unga Sharof Muhitdinov assistentlik qildi.

22-daqiqada Sharof Muhitdinovning o‘zi gol urib, farqni uchtaga yetkazdi. Bu safar unga Adenis Shala golli uzatma berdi.

«Nasaf» birinchi bo‘lim oxirigacha yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. 40-daqiqada Adenis Shala Oybek Rustamovning uzatmasidan keyin gol urdi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Bobir Abdixoliqov o‘zining uchrashuvdagi ikkinchi golini kiritdi. Sharof Muhitdinov bu golda ham assistent bo‘ldi.

«Neftchi» 58-daqiqada hisobni qisqartirdi. Alisher Odilov jamoasining birinchi goliga mualliflik qildi.

«Nasaf» 80-daqiqada yana bir gol urdi. Alibek Davronov Sharof Muhitdinovning uzatmasidan unumli foydalandi.

Uchrashuvdagi so‘nggi gol 89-daqiqada kiritildi. Stipe Peritsa «Neftchi»ning ikkinchi golini urdi. Unga Alisher Odilov golli pas berdi.

Shu tariqa Qarshidagi bahs «Nasaf»ning 6:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuv bosh hakami Ilgiz Tantashev bo‘ldi. Unga Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordamchilik qildi. VAR hakami Asker Najafaliyev, AVAR hakami esa Baxtiyorxo‘ja Shavkatov bo‘ldi.

O‘yinda «Neftchi» futbolchisi Ikromjon Aliboyev 5-daqiqada, «Nasaf»dan Alibek Davronov 56-daqiqada, «Neftchi» vakili Anvarjon G‘ofurov 72-daqiqada ogohlantirildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar