Osiyo o‘yinlarida keskin burilish: Hindiston O‘zbekistonni quvib o‘tdimi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Osiyo o‘yinlari-2026 da umumjamoa medallar jadvalida O‘zbekiston to‘rtinchi o‘rindan beshinchi o‘ringa tushib, Hindiston oltin medallar soni bo‘yicha tenglashib, kumush medallar farqi bilan vaqtincha oldinga o‘tib oldi.
- Hindiston 21 ta oltin, 27 ta kumush va 37 ta bronza bilan to‘rtinchi, O‘zbekiston esa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza bilan beshinchi o‘rinni egalladi.
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida yakuniy pallaga kirgan Osiyo o‘yinlari-2026 da umumjamoa medallar jadvalida jiddiy o‘zgarish yuz berdi. Musobaqaning 14-kuni yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi umumjamoa hisobida to‘rtinchi pog‘onadan beshinchi o‘ringa tushdi.
Hindiston delegatsiyasi oltin medallar soni bo‘yicha hamyurtlarimizga yetib olib, kumush medallar farqi evaziga vaqtincha oldinga o‘tib oldi.
Medallar kurashi: Hindiston qanday qilib oldinga chiqdi?
14-kunlik bellashuvlardan so‘ng ikki davlat hisobida oltin medallar tengligi kuzatilmoqda:
O‘zbekiston: Jami 70 ta medal — 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza (5-o‘rin).
Hindiston: Jami 85 ta medal — 21 ta oltin, 27 ta kumush va 37 ta bronza (4-o‘rin).
Osiyo o‘yinlari reglamentiga muvofiq, oltin medallar teng bo‘lgan holatda kumush medallar ko‘rsatkichi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Hindistonda kumushlar soni ikkitaga ko‘p bo‘lgani sababli ular to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarildi.
3 oktyabr qahramonlari: Delegatsiyamiz hisobiga 5 ta yangi medal
Kun davomida o‘zbekistonlik atletlar shohsupaga 5 bor ko‘tarilib, delegatsiyamiz g‘aznasini boyitdi:
Oltin medal: Badiiy gimnastika bo‘yicha yakkalik ko‘pkurash bahslarida 112,950 ball jamg‘argan Taxmina Ikromova barcha raqiblarini ortda qoldirib, Osiyo o‘yinlarining uch karra chempioniga aylandi.
Kumush medallar: Erkin kurash bo‘yicha 97 kg gacha vazn toifasida Sherzod Poyonov hamda taekvondo WT bahslarida (+80 kg) Marat Mavlonov kumush medallarni rasmiylashtirdi.
Bronza medallar: Taekvondochi Svetlana Saidova (+67 kg) va aralash jamoaviy bahslarda Janubiy Koreyani 4:2 hisobida yenggan dzyudo terma jamoasi bronza medali sohibiga aylandi.
Osiyo o‘yinlari 4 oktyabr kuni rasman yakunlanadi va so‘nggi musobaqa kunida to‘rtinchi o‘rin uchun yakuniy kurash kechadi.































Izohlar 0
…