Osiyo o‘yinlarida janjal: Xitoylik sharhlovchi o‘zbekistonlik mutaxassisni ayblab chiqdi

Osiyo o‘yinlarida janjal: Xitoylik sharhlovchi o‘zbekistonlik mutaxassisni ayblab chiqdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Osiyo o‘yinlarida bronza medali uchun kechgan bahsda Xitoy U-23 jamoasi O‘zbekiston U-23ni penaltilar seriyasida mag‘lub etdi.
  • O‘yin yakunida xitoylik sharhlovchi Dun Lu ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston terma jamoasi vakili xitoylik hujumchi Chjan Yuningni bo‘g‘ib olganini da’vo qildi.
  • Chjan Yuning hakamlardan adolat topa olmagani va bosh hakam vaziyatga aralashmaslikni ma’qul ko‘rgani aytiladi.

Osiyo o‘yinlarining erkaklar futboli dasturidan o‘rin olgan bronza medallari uchun kechgan murosasiz bahs yakunida katta janjal yuzaga keldi. Musobaqaning uchinchi o‘rni uchun kechgan dramatik to‘qnashuvda Xitoy U-23 terma jamoasi penaltilar seriyasida O‘zbekiston U-23 vakillarini mag‘lub etib, sovrinli o‘rinni ilib ketdi.

Biroq final hushtagi chalingandan so‘ng yashil maydonda yuz bergan ehtirosli to‘qnashuv ikki mamlakat futbol jamoatchiligi orasida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xitoylik taniqli sport sharhlovchisi va blogeri Dun Lu ijtimoiy tarmoqlarda videolavha e’lon qilib, o‘yindan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi vakillaridan biri xitoylik hujumchi Chjan Yuningga jismoniy tajovuz qilganini da’vo qildi.

«U meni bo‘g‘ib oldi»: Xitoylik sharhlovchining da’vosi

Dun Lu tarqatgan videolavhada uchrashuv yakunlangach, ikki jamoa o‘rtasida yuzaga kelgan ommaviy kelishmovchilik tafsilotlariga to‘xtalgan:

«O‘yindan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasining bir xodimi kelib, to‘g‘ridan to‘g‘ri Chjan Yuningning bo‘ynidan bo‘g‘ib oldi. Bu endi haqiqiy haddan oshish edi!

Chjan avvaliga unga keskin javob qaytarishga chog‘landi, ammo baxtga qarshi vaziyatni tushunib, oxirgi soniyada o‘zini bosib qoldi. Shundan so‘ng ikki tomon futbolchilari va murabbiylar shtabi o‘rtasida katta ommaviy tortishuv boshlanib ketdi. Chjan bo‘ynini ko‘rsatib, atrofdagilarga “u meni bo‘g‘ib oldi” deya norozilik bildirdi va arz qilish uchun darhol hakamni izlab yo‘l oldi».

Hakamning e’tiborsizligi va sahna ortidagi norozilik

Xitoylik jurnalistning qayd etishicha, jarohat yetkazilganini da’vo qilgan hujumchi hakamlar guruhidan ham adolat topa olmagan:

  • Xato manzil: Chjan Yuning dastlab hakamlik libosida turgan boshqa bir rasmiy shaxsning yoniga borib shikoyat qilgan, biroq u bosh hakam emasligi ma’lum bo‘lgan;

  • Bosh hakamning reaksiyasi: Futbolchi haqiqiy bosh hakamni topib, bo‘ynidagi izlarni ko‘rsatgan va holatni tushuntirgan bo‘lsa-da, referi maydondagi ortiqcha keskinlik va muammolardan qochish uchun vaziyatga aralashmaslikni ma’qul ko‘rgan hamda o‘yinchiga maydonni tark etishni buyurgan;

  • Norozilik davomi: Hakamdan hech qanday chora ko‘rilmaganini ko‘rgan xitoylik futbolchi O‘zbekiston terma jamoasi vakillari tomon e’tiroz bildirishda davom etgan.

Dun Lu o‘z chiqishini ochiqdan-ochiq ig‘voli ohangda: «Nima bo‘lgan taqdirda ham g‘alaba bizniki bo‘ldi. Kimga qanchalik og‘ir va alamli bo‘lganini esa mag‘lublarning o‘zlari yaxshi bilishadi», — deya yakunlagan.

Mazkur mojaroli vaziyat bo‘yicha Osiyo Olimpiya kengashi (OSA) yoki OFK tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan rasmiy tekshiruv boshlanishi va tashkiliy choralar ko‘rilishi hozircha ochiq qolmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar