Ronaldu ehtimoliy jazoga roziligi va Portugaliya libosini qayta kiyish shartini aytdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Krishtianu Ronaldu Portugaliya milliy jamoasini tark etishiga sabab qilib, bosh murabbiyga bo‘lgan ishonchi va unga berilgan va’danining buzilishini ko‘rsatdi.
- Uning aytishicha, agar uni jamoada ko‘rishni istashmasa, buni ochiq aytishlari kerak edi, ammo federatsiya prezidenti va bosh murabbiy uning o‘rni borligini tasdiqlashgan.
Krishtianu Ronaldu Portugaliya milliy jamoasining so‘nggi yig‘inini tark etishiga sabab bo‘lgan voqealar haqida yana bir bor ochiq gapirdi. Uning aytishicha, qarorga asosiy sabab — unga berilgan va’daning yana buzilishi va bosh murabbiyga bo‘lgan ishonchning jiddiy putur yetishi bo‘lgan.
Ronalduning ta’kidlashicha, u milliy jamoada qolish uchun o‘zini kerakli inson sifatida his qilishi kerak edi. Ammo vaziyat boshqacha tus olgach, u sumkalarini yig‘ib, yig‘inni tark etishga qaror qilgan.
«Menga berilgan va’daning yana buzilishini kutmasdan, yig‘inni tark etishga qaror qildim. Men uchun insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda haqiqat hamisha eng muhim narsa bo‘lib kelgan».
Ronalduga yana bir bor tanlov berilgan
Ronalduning so‘zlariga ko‘ra, matbuot anjumani bo‘lib o‘tgan kuni ertalab u Portugaliya futbol federatsiyasi prezidenti va bosh murabbiy bilan suhbatlashgan.
U ikkisiga ham agar milliy jamoada uni ko‘rishni istashmasa, buni ochiq aytishlarini so‘ragan.
«Men ularga yana bir bor aytdim: agar meni jamoada ko‘rishni istamasalar, buni ochiq aytishlari kerak. Men uchun samimiy bo‘lishning o‘zi yetarli edi».
Ronalduning ta’kidlashicha, u bunday qarorni ham qabul qilishga tayyor bo‘lgan. Hatto milliy jamoa bilan chiroyli xayrlashuvni tashkil qilishga va’da bergan.
Ammo uning aytishicha, federatsiya prezidenti va bosh murabbiy bir ovozdan uning milliy jamoadagi o‘rni borligini bildirgan.
«Ular bir ovozdan “yo‘q” deb javob berishdi. Ya’ni mening joyim milliy jamoada ekanini aytishdi».
«Men murabbiy qarorlariga hech qachon aralashmaganman»
Ronaldu o‘z faoliyati davomida bosh murabbiylarning taktik va texnik qarorlariga aralashmaganini alohida ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy jamoada unga qanday vazifa yuklatilmasin, u qarorni qabul qilish va hurmat qilishga tayyor.
«Qariyb 25 yillik faoliyatim davomida biror marta ham bosh murabbiy yoki milliy jamoa murabbiyining texnik yoki taktik qarorlariga aralashmaganman».
«Menga nima qilish taklif qilinsa, yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’i nazar, qabul qilaman. Qarorlarni hurmat qilaman».
Biroq Ronaldu uchun bitta chiziq bor — berilgan so‘z.
«Ammo menga berilgan va’da buzilsa, o‘zimni bu jamoada kerakli inson sifatida his qilmayman».
Ronaldu jamoadoshlaridan ham uzr so‘radi
Milliy jamoa sardori yig‘inni tark etgani uchun jamoadoshlaridan uzr so‘rashi kerakligini tan oldi.
Uning aytishicha, murabbiyning so‘ziga bo‘lgan ishonch jiddiy ravishda buzilgan bo‘lsa ham, yig‘inni tashlab ketmaslik kerak edi.
«Men yig‘inni tark etmasligim kerak edi. Buning uchun to‘liq mas’uliyat mening zimmamda».
Ronaldu Portugaliya xalqidan ham yana bir bor kechirim so‘radi. Biroq u uchun insonning o‘z so‘zida turishi juda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
«Shu paytdan boshlab qolishim jamoaga faqat zarar keltirishi mumkinligini his qildim».
«Agar kerak bo‘lmasam, sumkalarimni yig‘aman va ketaman»
Ronaldu o‘zining milliy jamoadagi kelajagi haqida ham keskin fikr bildirdi.
Uning aytishicha, agar jamoaga foyda keltirayotganini his qilmasa, qaror qabul qilishdan qo‘rqmaydi.
«Shuning uchun avval ham aytganimdek, agar o‘zimni jamoaga foydali deb his qilmasam, nima qilishimni bilaman: sumkalarimni yig‘aman va ketaman».
Biroq bu qaror jazosiz qolishi kerak, degan fikrda emas.
Ronaldu Portugaliya futbol federatsiyasi uning harakati uchun tegishli jazo belgilashi kerakligini ochiq tan oldi.
«Mening bu harakatim uchun jazo chorasi Portugaliya futbol federatsiyasi tomonidan belgilanishi kerak. Jazoda yengillashtiruvchi holatlar bo‘lmasligi kerakligini tushunaman».
U hatto sardorlik maqomini ham yengillashtiruvchi emas, aksincha og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholadi.
«Men oddiy futbolchi emasman — milliy jamoa sardoriman. Shuning uchun bu holatda bu men uchun og‘irlashtiruvchi omil hisoblanadi».
Ronaldu: «Qoidalar hamma uchun bir xil»
Portugaliyalik yulduz o‘zining ko‘p yillik tajribasi unga bir narsani o‘rgatganini aytdi: futbolda hech kim qoidalardan ustun emas.
«Men allaqachon uzr so‘radim, ammo har qanday xatti-harakatning oqibati bo‘lishi kerakligini yaxshi bilaman».
Ronalduning fikricha, futbolda qanchalik katta nomga ega bo‘lishidan qat’i nazar, har bir inson belgilangan qoidalarga amal qilishi kerak.
«Kim bo‘lishidan qat’i nazar, qoidalar hamma uchun bir xil».
Xayrlashuv haqidagi gaplarga Ronalduning javobi
So‘nggi paytlarda Ronalduning Portugaliya milliy jamoasidagi faoliyati yakuniga yetishi va unga munosib xayrlashuv uchrashuvi tashkil qilinishi haqida ko‘p gap-so‘zlar tarqaldi.
Ronalduning o‘zi esa bu masalaga aniq javob berdi.
«Barcha muxlislarimga, ayniqsa barcha portugaliyaliklarga va’da beraman: bizda bir yoki bir nechta xayrlashuv uchrashuvlari bo‘ladi. Buning uchun hali vaqt bor».
Demak, uning bu so‘zlaridan milliy jamoa bilan xayrlashuv masalasi hozircha yakuniy nuqtaga kelmaganini anglash mumkin.
Ronaldu hali Portugaliya terma jamoasi libosida maydonga tushish niyati borligini ham yashirmadi.
Otasining vafoti haqida xabar olgan kuni ham jamoada qolgan
Ronaldu o‘z pozitsiyasini tushuntirish uchun hayotidagi eng og‘ir kunlardan birini misol qilib keltirdi.
U otasining vafoti haqida xabar olgan paytda ham milliy jamoa yig‘inida bo‘lganini esladi. Shunga qaramay, ertasi kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuv yakuniga qadar jamoa bilan qolishga qaror qilgan.
«Ammo jamoa haqida o‘ylaganimda, birinchi navbatda raqobat va g‘alaba haqida o‘ylayman. Menga otamning vafoti haqida xabar berilgan kuni ham aynan shu haqda o‘ylaganman».
Ronaldu bu qarorini mamlakat va milliy jamoa oldidagi mas’uliyati bilan bog‘ladi.
«O‘sha paytda milliy jamoa yig‘inida edim va ertasi kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuv yakuniga qadar jamoa bilan qolishga qaror qildim».
Ronaldu Portugaliyaga yana qaytishga tayyor
Shunga qaramay, Krishtianu Ronaldu milliy jamoa eshigini yopmagan.
U jismoniy holati yaxshi bo‘lsa, klubida muntazam o‘ynasa, gollar ursa va ehtimoliy diskvalifikatsiyasini o‘tab bo‘lsa, yana Portugaliya terma jamoasiga chaqiruvni qabul qilishga tayyorligini bildirdi.
«Avvalgidek milliy jamoaga chaqiruvni qabul qilishga tayyor bo‘laman».
Bu bayonot Ronalduning hozirgi pozitsiyasidagi eng muhim nuqtani ko‘rsatadi: u Portugaliya terma jamoasidan butunlay voz kechmoqchi emas.
Aksincha, u jamoa uchun yana maydonga tushish va g‘alaba uchun kurashishni xohlayapti.
«Haqiqatning eng sof ko‘rinishi shu»
Ronalduning bayonotidan ko‘rinib turibdiki, yig‘inni tark etish qarori uning uchun oddiy emotsional reaksiya emas. U bu qarorni ishonch, berilgan va’da va jamoadagi o‘z o‘rni bilan bog‘lamoqda.
U o‘z xatosini tan oldi, jamoadoshlari va Portugaliya xalqidan uzr so‘radi, jazoga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, milliy jamoa eshigini yopmasligini ham aniq aytdi.
Eng muhimi, Ronalduning o‘zi bu voqeada nimani asosiy deb hisoblashini yana bir bor ta’kidladi:
«Men Portugaliya milliy jamoasi uchun yana maydonga tushib, g‘alaba qozonish uchun kurashaman. Ishoning, mana shu — haqiqatning eng sof ko‘rinishi».































Izohlar 0
…