Messi Buenos-Ayres universitetining faxriy doktori bo‘ldi

Messi Buenos-Ayres universitetining faxriy doktori bo‘ldi

Argentina terma jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lgan Lionel Messi Buenos-Ayres universitetining (UBA) faxriy doktori — Doctor Honoris Causa unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu haqda universitetning rasmiy sayti xabar berdi.

Messiga ushbu unvon 6 oktyabr kuni Buenos-Ayres yaqinidagi Eseysa shahrida, Argentina futbol assotsiatsiyasi qarorgohida o‘tkazilgan marosimda topshirildi. Messi universitet rektori Rikardo Gelpi va vitse-rektori Emiliano Yakobittidan medal hamda diplomni qabul qilib oldi.

Mazkur unvonni berish haqidagi qaror Buenos-Ayres universiteti Oliy kengashi tomonidan bir ovozdan ma’qullangan. Universitet Messining sportdagi yutuqlari, Argentina terma jamoasidagi faoliyati va mamlakatni xalqaro maydonda munosib namoyish etganini alohida ta’kidlagan.

UBA bayonotida futbolchining faoliyati «mukammallik, matonat, kamtarlik va axloqiy tamoyillar» namunasi sifatida e’tirof etilgan.

Lionel Messi qo‘lida UBA belgisi tushirilgan nishonni tutib turibdi.

Universitet rahbariyati Messi faoliyati faqat futbol bilan cheklanib qolmaganini ham ta’kidlagan. Jumladan, uning xayriya faoliyati, bolalar va o‘smirlarning sog‘liq, ta’lim hamda sportdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ishlari ham e’tirof etilgan.

Messi esa mukofotni qabul qilib olar ekan, bunday e’tirof uning uchun katta faxr ekanini aytgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar