WBC sentyabr oyi reytingida o‘zbek bokschilari qaysi pog‘onalarda?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Butunjahon boks kengashi (WBC)ning sentyabr oyi reytingida O‘zbekistonning 11 nafar bokschisi o‘rin oldi.
- Superog‘ir vaznda Bahodir Jalolov 11-o‘rinni saqlab qolgan bo‘lsa, Lazizbek Mullojonov 25-o‘ringa tushdi.
- Muhammad Shexov ikkinchi eng yengil vaznda 9-o‘ringa ko‘tarildi, Shohjahon Ergashev esa birinchi yarimo‘rta vaznda 31-o‘rinni egalladi.
Dunyo professional boksining eng nufuzli tashkiloti hisoblangan Butunjahon boks kengashi (WBC) 2026 yil sentyabr oyi yakunlari bo‘yicha yangilangan reytingini rasman taqdim etdi. Boshqa tashkilotlardan farqli o‘laroq kengaytirilgan Top-40 talik shaklida e’lon qilinadigan mazkur ro‘yxatdan O‘zbekistonning 11 nafar charm qo‘lqop ustasi munosib joy oldi.
Ayniqsa, birinchi yarimo‘rta vazn toifasida bir yo‘la uch nafar o‘zbekistonlik bokschining kuchlilar safida qayd etilgani o‘zbek boks maktabining jahon maydonidagi salmog‘ini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Superog‘ir vazn: Jalolov o‘z o‘rnini saqlab qoldi, Mullojonovda siljish
Eng qiziqarli va nufuzli vazn toifasida o‘zbekistonlik ikki Olimpiada chempionining natijalari quyidagicha ko‘rinish oldi:
Bahodir Jalolov barqarorlikni davom ettirmoqda: Ikki karra Olimpiya chempioni superog‘ir vazn toifasida (+101,6 kg) o‘tgan oydagi kabi 11-o‘rinni saqlab qoldi. Ushbu divizionda chempionlik kamari Agit Kabayelga tegishli bo‘lib turibdi, reyting peshqadamligi esa sobiq jahon chempioni Tayson Fyuriga tegishli;
Lazizbek Mullojonov: Yana bir og‘ir vaznli yulduzimiz yangi jadvalda uch pog‘ona pastlab, 22-o‘rindan 25-o‘ringa joylashdi.
Ergashev va Shexovning ko‘tarilishi, Madrimov va Meliqo‘ziyev holati
Yangilangan ro‘yxatda bir qator yurtdoshlarimiz yuqori pog‘onalarga ko‘tarildi, ba’zi vaznlarda esa kichik pasayishlar kuzatildi:
Shohjahon Ergashevning o‘sishi: Birinchi yarimo‘rta vaznda (63,5 kg) to‘p surayotgan nokautchi Shohjahon Ergashev bir pog‘ona yuqorilab, 31-o‘rinni egalladi. Ushbu divizionda Mujibillo Tursunov ham 29-o‘rindan 28-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, Ruslan Abdullayev 35-o‘rinda qoldi (vazn chempioni — Dalton Smit);
Muhammad Shexov kuchli o‘nlikka kirdi: Ikkinchi eng yengil vaznda (55,3 kg) Muhammad Shexov 10-o‘rindan 9-o‘ringa sakradi. Ushbu divizionning birinchi raqamli da’vogarlaridan biri Murodjon Ahmadaliyev esa mutlaq chempion Naoya Inoue boshqarayotgan vaznda 3-o‘rinni saqlab turibdi;
Meliqo‘ziyev va Madrimov: Supero‘rta vaznda (76,2 kg) Bektemir Meliqo‘ziyev bir pog‘ona pastlab 6-o‘ringa tushdi (Nurislom Ismoilov esa 28-o‘rinda). Birinchi o‘rta vazn toifasida (69,8 kg) sobiq chempion Isroil Madrimov 7-o‘rindan 8-o‘ringa joylashdi (chempion — Sebastyan Fundora);
Sirochbek Ismoilov oldinga intilmoqda: Yengil vaznda (61,23 kg) Sirochbek Ismoilov bir pog‘ona oldinga siljib, 15-o‘ringa chiqib oldi.
WBC yangi reytingidagi barcha 11 nafar o‘zbekistonlik bokschi:
Murodjon Ahmadaliyev (55,3 kg) — 3-o‘rin (o‘tgan oy ham 3)
Bektemir Meliqo‘ziyev (76,2 kg) — 6-o‘rin (o‘tgan oy 5)
Isroil Madrimov (69,8 kg) — 8-o‘rin (o‘tgan oy 7)
Muhammad Shexov (55,3 kg) — 9-o‘rin (o‘tgan oy 10)
Bahodir Jalolov (+101,6 kg) — 11-o‘rin (o‘tgan oy ham 11)
Sirochbek Ismoilov (61,23 kg) — 15-o‘rin (o‘tgan oy 16)
Lazizbek Mullojonov (+101,6 kg) — 25-o‘rin (o‘tgan oy 22)
Mujibillo Tursunov (63,5 kg) — 28-o‘rin (o‘tgan oy 29)
Nurislom Ismoilov (76,2 kg) — 28-o‘rin (o‘tgan oy ham 28)
Shohjahon Ergashev (63,5 kg) — 31-o‘rin (o‘tgan oy 32)
Ruslan Abdullayev (63,5 kg) — 35-o‘rin (o‘tgan oy ham 35)
Reytingning yuqori pog‘onalarida saqlanib qolayotgan hamyurtlarimizning bu ko‘rsatkichlari yaqin istiqbolda ularning WBC yo‘nalishida da’vogarlik va chempionlik janglariga yanada yaqinlashayotganidan dalolat beradi.































Izohlar 0
…