22:24 / 30.08.2018
3 052

Eldor Suyunov: “Kuperning ham boshqalardan farqli tomonlari bor”

Элдор Суюнов: "Купернинг ҳам бошқалардан фарқли томонлари бор"
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Ektor Kuper boshchiligidagi dastlabki yigʻini davom etyapti. “Paxtakor”ning asosiy darvozaboniga aylangan Eldor Suyunov ham bugungi kunda terma jamoa yigʻinida katta ishtiyoq bilan mehnat qilyapti. SPORTS.uz muxbiri yaqinda u bilan bogʻlanib yangi murabbiying ish uslubi, mashgʻulot jarayoniga qay tariqa yondashishi, shu va yana boshqa masalalar boʻyicha suhbatlashdi.

- Ektor Kuper boshchiligidagi dastlabki yigʻin qanday oʻtyapti? Yangi murabbiyning ish jarayoni qay tarzda kechmoqda?

- Ektor Kuper bilan dastlabki yigʻin yaxshi oʻtyapti. U mashgʻulot paytida juda talabchan mutaxassis ekanligi koʻrinib turibdi. Maydondan tashqarida esa xazilkash, hamma bilan gaplashadi va tez chiqishib ketadi. U samimiy inson. Yangi murabbiy boshchiligidagi yigʻinimizni koʻngildagidek deb ayta olaman.

- Yangi mutaxassis tomonidan sizni hayron qoldirayotgan jihatlari ham koʻzga tashlanyaptimi?

- Hayron qoldirayotgan jihatlarimi? U shunchalik mashhur murabbiy boʻlishiga qaramay, oddiy inson ekanligi baribir hayron qoldiradi.

- Siz klublarda va terma jamoalarda bir qator murabbiylar bilan birga ishlagansiz. Ektor Kuperning mashgʻulot jarayonlarini boshqalarniki bilan solishtirganingizda qanday farqlari koʻrinyapti?

- Har qanday holatda ham hamma murabbiyning ish uslubida farqi boʻladi. Chunki har kimning oʻziga yarasha futbolga qarashi boʻladi. Shu bois Kuperning ham farqli tomonlari bor.

- Hozircha mashgʻulotlarda murabbiy asosiy eʼtiborni nimaga qaratyapti?

- Hozirgi kunda asosiy eʼtibor himoyadagi xatolarni toʻgʻrilashga qaratilgan. Birinchi navbatda aynan himoya chizigʻini mustahkamlamoqchimiz. Menimcha, yigʻinimizning keyingi bosqichidan hujum chizigʻimizni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish borasidi ishlaydi.

- Milliy terma jamoada Denis Ivankov darvozabonlar murabbiyi sifatida ish boshladi. Siz u bilan juda yaxshi tanishsiz, boisi “Nasaf”da ham birga ishlagansizlar...

- Ivankov ajoyib murabbiy. Bu borada toʻgʻri tanlov boʻldi deb oʻylayman. Oʻzbekistonda ishlayotgan darvozabonlar murabbiylari orasida eng yaxshilaridan biri hisoblanadi. Terma jamoamiz uchun Denis Ivankovning ish olib borishi muhim.

- Mashgʻulot jarayonida siz darvozabonlar asosan Denis Ivankov bilan ishlaysizlar. Ammo Ektor Kuper ham vaqti-vaqti bilan darvozabonlarga eʼtibor qaratib turibdimi?

- Asosan Ivankov bilan birga ishlayapmiz. Hamma jamoada ham mashgʻulotlarda darvozabonlar oʻz murabbiylari bilan ishlashadi. Agarda darvozabonlar kerak boʻlsa, asosiy jamoaga qoʻshilib, oʻzaro oʻyinlarda qatnashishadi. Shuningdek, mashgʻulot davomida zarbalar berilishi kerak boʻlsa, darhol butun jamoaga qoʻshilib ketaveramiz.

- Koʻpchilik darvozabonlar Ivankov bilan ishlashni ancha qiziqarli deb hisoblashadi. Chunki uning mashgʻulotlari rang-barang va bir-biriga oʻxshamaydi. Shunday ekan, sizga uning koʻproq qaysi jihatlari yoqadi?

- Hamma murabbiy turlicha boʻlgani kabi darvozabonlar murabbiylarining ham ish uslublari har xil. Hammasining ustun tomonlari bor va shu jumladan Ivankovning ham qaysidir tomondan kuchli jihatlari mavjud. Men unisi kuchsiz, bunisi kuchli deb aytmayman.

- Yaqinda Suriyaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkaziladi va bu Kuperning dastlabki oʻyiniga aylanadi. Ayting-chi, bu uchrashuv biz uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega?

- Qanchalik muhim? Natija jihatidan olsak, bu unchalik dolzarb masala emas. Aslini olganda esa har bir uchrashuv kerakli. Albatta, bu birinchi navbatda Ektor Kuper uchun muhim. U Oʻzbekiston va bizning futbol bilan tanishib olish jarayonini oʻtkazmoqda. Shunday oʻyinlar orqali murabbiy chempionatimiz va undagi futbolchilarning imkoniyatlarini oʻrganib boradi deb oʻylayman. Chiroyli oʻyin va natija esa keyingi darajali hisoblanadi.

- Terma jamoaga chaqirilgan har bir oʻyinchi yangi murabbiylar shtabiga oʻzini koʻrsatish uchun yanada katta shijoat bilan mehnat qilayotgan boʻlishsa kerak-a?

- Yangi murabbiymi yoki eski murabbiymi, farqi nima? Baribir hamma ham milliy terma jamoaga kelganidan keyin bor kuchi bilan harakat qiladi. Hozir ham termada barcha futbolchi bor kuchi bilan ishlayapti. Futbolchilar murabbiylarni ajratmaydi. Bu yerda hamma professional, havaskor oʻyinchilar yoʻq. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, hamma oʻz ishini professional darajada bajaryapti.

- “Paxtakor”ga kelganingizda avvaliga zaxirada qolib ketgandingiz. Ushbu mavsum boshidan esa asosiy tarkibga kira oldingiz va barqaror oʻynashda davom etyapsiz. Bu nima bilan bogʻliq?

- Barqarorlikni saqlab qolish birinchi navbatda yoningizda oʻzingiz bilan har jihatdan teng boʻlgan darvozabonning borligi bilan bogʻliq. Bunda albatta barqaror oʻyin koʻrsatishning ahamiyati bor. Bundan tashqari, murabbiyning ham ishini alohida aytgan boʻlardim. Chunki murabbiy futbolchini yaxshi sport formasida ushlab tura oladi. Jismonan, ruhan, umuman har tomonlama degan boʻlardim. Shularning evaziga barqaror oʻyin namoyish qilyapmiz.

- Superliganing ikkinchi bosqichida qanday intriga boʻlishini kutyapsiz?

- Kuchli va quyi oltilikning yaxshi hamda yomon tomonlari bor. Albatta, kuchli oltilikda barcha uchrashuvlar qiziqarli va murosasiz oʻtadi. Ammo quyi oltilikdagi kurash esa u qadar ahamiyatsiz boʻlib qoladi. Xuddi bu boshqa chempionatga aylanib qoladi. Bu esa jamoalarning oltitalikka boʻlinishining yomon tomonidir. Quyi oltilikdagi kurashda faqatgina “Neftchi” bilan “Soʻgʻdiyona”ga qiziq boʻladi deb oʻylayman. Chunki ularning ochkolari kam. Qolgan toʻrtta jamoa esa 2-3 ta oʻyinda yutib olsa boʻldi, vazifasini bajargan boʻlib qolaveradi. Qolgan uchrashuvlar esa xuddi keraksizga aylanib qoladi.

- “Oltin ochkolar” tizimi qanchalik oʻzini oqlayapti deb oʻylaysiz?

- “Oltin ochkolar” tizimi mavsum boshida reglamentga kiritilgan va oxirigacha shunga amal qilinadi. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, birinchi bosqichda bir qancha oʻyinlarimiz oʻtkinchi boʻlib qoldi. Agar “oltin ochkolar” qoidasi boʻlmaganida chempionatimizda oʻtkinchi oʻyinlar boʻlmasdi. Lekin mavsum oʻrtasida bu qoidani oʻzgartirish notoʻgʻri.

- “Paxtakor”ning chempionlik uchun kurashdagi imkoniyati haqida nima degan boʻlardingiz?

- “Paxtakor” chempion boʻlish va Kubokni qoʻlga kiritishni maqsad qilgan. “Paxtakor” asosiy nomzodlar biri. Qiyin boʻladi, ammo harakat qilamiz.

Shuhratbek Joʻrayev suhbatlashdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Suyunov: “Kuperning ham boshqalardan farqli tomonlari bor”