22:45 / 22.07.2020
2 523

Odil Ahmedovga Qatar klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda

Odil Ahmedovga Qatar klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda
Foto: Twitter
Xitoyning «Shanxay SIPG» klubi va O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Odil Ahmedov faoliyatini Qatar chempionatida davom ettirishi mumkin. Qatarda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutasaddi Alisher Nikimbayevning xabar qilishicha, «Ad-Duhayl» klubi O‘zbekiston terma jamoasi sardori bilan shartnoma imzolamoqchi. Biroq Xitoy klubi Ahmedovni qo‘yib yuborish haqida o‘ylamayapti.

«Daryo» muxbiri bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Ahmedov bilan bog‘landi. Futbolchi «Ad-Duhayl»dan qiziqish bo‘layotganidan xabari yo‘qligini bildirdi.
««Ad-Duhayl»dan qiziqish bo‘layotganidan xabarim yo‘q. Hozirda chempionat startiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. 25 iyuldan liga start oladi», — deydi Odil Ahmedov.

Qatarda transfer oynasi 2 avgustda ochiladi, biroq yangi futbolchilar 29 avgustda yakunlanadigan musobaqa joriy mavsumida qatnasha olmaydi.

«Ad-Duhayl» 1,5 yil avval janubiy koreyalik futbolchi Nam Te Hi «As-Sadd»ga o‘tib ketganidan beri osiyolik futbolchiga yolchimayapti. Undan keyin jamoaga kelgan yaponiyalik Shoya Nakajima yarim yil o‘tib, «Portu»ga o‘tib ketdi. 2019 yilning yozida jamoaga olib kelingan iroqlik Muhannad Ali ham olti oydan keyin ketib qoldi. Qishda «Duhayl» «Yuventus»dan Shimoliy Koreya vakili Kvan So Hanni sotib oldi. Biroq bu futbolchi ham KXDR hukumati talabi bilan uyiga ketishga majbur bo‘lgan. Shu sabab jamoa osiyolik futbolchi kvotasi uchun munosib futbolchi qidirmoqda.

Klub 1938 yilda «Ash-Shorta» nomi bilan o‘z faoliyatini boshlagan, 2009 yilda nomini «Lahviya»ga o‘zgartirgan. 2017 yildan esa «Ad-Duhayl» nomi ostida faoliyat yuritib keladi. Jamoa olti bor (2010/11, 2011/12, 2013/14, 2014/15, 2016/17, 2017/18 yilgi mavsumlarda) mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan.

Ushbu klubda o‘zbekistonlik futbolchi Jasur Hasanov 2010—2011 yillar mobaynida harakat qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Odil Ahmedovga Qatar klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda