20:16 / 25.07.2020
1 914

Ustuvorlik. Superligani to‘xtatish kerak

Ustuvorlik. Superligani to‘xtatish kerak
Yevropa futboli bizni doim chalg‘itadi. Misol uchun, Superliga klublaridagi maoshlar ko‘p bo‘lmasligi kerakligini aytsak, axir Yevropada xuddi shu ishni qilib, ming barobar ko‘p topishadi-ku, deydiganlar ham chiqib turadi. Ammo Yevropa klubi o‘sha maoshni to‘lar ekan, futbolchilar yaratayotgan mahsulotni muxlislarga va televideniyega sotib, daromad qiladi, ya’ni futbolchining maoshi klub tomonidan qoplanadi, bu haqida ko‘p o‘ylab o‘tirilmaydi.

Bizning futbolchilarimizning maoshi na bir iqtisodiy, na bir ijtimoiy asosga ega bo‘lmay, qanday qilib, o‘sha summalar, o‘lchovlar kelib qolgani, meni ko‘proq hayron qoldiradi. O‘zi daromad qilmaydigan va asosan budjet tashkilotlaridan moliyalashtiriladigan bir futbol klubi, qanday milliy mahsulot yaratyaptiki, ularga shu qadar maosh belgilansa?

Mayli, bugun bu savolga javob izlamaylik. Ammo futbolga sarflanayotgan pullar va futbolning zaruriylik jihati quyidagi mulohazalarimizda yordam beradi.

Mart oyida Yevropada futbol to‘xtatilganida, qachon qayta boshlanishi haqida o‘ylab ham o‘tirilmadi. Pandemiyaning quloch ocha boshlashi, hukumatlarning talabi va xos holatlar boshqa yo‘l qoldirmayotgandi. Masalan, «Atalanta» - «Valensiya», «Manchester Yunayted» – «Manchester Siti» o‘yinlari Yevropa mamlakatlarida virus tarqalishida katta turtki bo‘ldi, «Xetafe» xo‘jayini esa, «istasanglar turnirdan chiqarvoringlar, lekin biz Italiyaga bormaymiz, men uchun futbolchilarimning sog‘lig‘i muhim», deb qat’iy bayonot berdi. Ya’ni prioritetlarni belgilash davri kelgandi – bunday vaziyatda futbol eng oxirgi bo‘lib qayg‘uriladigan soha.

Xavf biroz tarqalib, virus jilovlana boshlagach, mamlakatlar birin-ketin futbolni qaytara boshladilar. Muayyan shartlar bilan albatta. O‘sha qarorlar fonida, O‘zbekiston Superligasining davom ettirilishi mantiqiy tuyuladi. Yevropada futbol qaytdi, bizdayam. Yevropada o‘yinlar tomoshabinlarsiz o‘tkazilmoqda, bizdayam. Yevropada o‘yinlar soni qisqartirilib, kompakt taqvimga borilyapti, bizdayam. Xuddi koronavirus bilan kurashishda, butun dunyo bir xil standartlar asosida kurashayotgandek, futbolni tashkil qilish ham farq qilmayapti - bu holat o‘ziga xos illyuziya paydo qiladi va hammasi normal, bo‘lishi kerak bo‘lgan ishlar qilinyapti, degan xulosaga kelinadi. Aslida esa, ikki holat o‘rtasida juda katta, mazmunan muhim farq bor.

Avvalo, bir savolni o‘zimizga berishimiz kerak? Yevropa nega futbolga qaytdi?

Mana shu savolning aniq javobi qilinayotgan ishlarni mantiqiy izohlashda yordam beradi, to‘g‘rimi? Masalan, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya kabi davlatlar umuman chempionatni tugatib qo‘ya qolishdi. Xo‘sh, Italiya, Ispaniya yoki Angliyada chempionni aniqlash shu qadar zarurmidi? Biror mavsumda chempion aniqlanmasa yoki qisqa yo‘l bilan sovrindorlar topilsa, katta ayb bo‘ladimi? Nega shuncha odam ovora, shuncha odam harakatda va Yevropa futbol o‘ynashni shu qadar istadi?

Sababi – pul. APL yoki La Liga mavsum boshida telekompaniyalar bilan katta summalarda shartnomalar imzolagan. APL aytaylik, 38 turni telekompaniyaga taqdim etadi, kompaniyalar buning uchun katta pulni APL hisobraqamiga o‘tkazib beradi, bu pul esa, klublar o‘rtasida taqsimlanadi. O‘z navbatida, kompaniyalar translyatsiya payti uchun homiylar bilan kelishib, reklama joylashtiradi va daromad qiladi. Barcha katta shartnomalar, kelishuvlar uzoq muddatga, aytaylik, kamida bir yilga tuzilgan bo‘ladi.

Endi chempionat 38 emas, 28 turdan iborat bo‘lsa, yuqoridagi sxemadagi aylanma proporsional ravishda kamayadi. Telekompaniya APLga bir milliard emas, misol uchun, 700 million o‘tkazib beradi. O‘z o‘zidan har bir klub daromadidan 30 foiz yutqazadi. Bu faqat translyatsiyalardan topiladigan daromadlar ruknida, bundan tashqari, matchdays, ya’ni o‘yin kunlari topiladigan daromadlar ham bor – chiptalar, o‘yingoh oldidagi savdolar, atributlar va hokazo.

O‘yinlar tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi aniq, bu yo‘nalishdagi daromadlar ham yo‘q. Demak, klublar hech bo‘lmasa, translyatsiyadan keladigan tushumni bo‘lsa-da saqlab qolishga harakat qilishadi, chunki bu yerda katta moliyaviy manfaat yotibdi. O‘z xarajatlarini, yashashini bir necha yilga rejalashtiriladigan klublar uchun 50 foizdan ortiq yo‘qotishga uchrash xavfli, inqiroz yoqasiga olib kelishi mumkin.

Mantiqiy doira yopildi – har qanday harakat va qarorlar ortida, hatto biz uchun ham tushunarli bo‘lgan argumentlar yotganini tushundik. Shunda ham prioritetlar rol o‘ynayapti, YECHL o‘yinlari qisqartirildi, «Oltin to‘p» bekor qilindi va hokazo. Kam daromadli va tashkillashtirish qiyinchilik tug‘diradigan milliy jamoalar o‘rtasidagi musobaqalar bir chetga surib qo‘yildi.

Shuncha gapni, Yevropadagi umumiy kartina, prioritetlar va u yoki bu qarorlarga sabab bo‘lgan shartlarni eslatish uchun aytdim, endi o‘zbek futboliga qaytamiz. Superligani davom ettirish hozirgi sharoitda kerakmi?

Yuqoridagi formulaga ko‘ra, «kerak» deyish uchun mantiqiy asoslar, tosh bosuvchi manfaatlar bo‘lishi lozim. Xuddi Yevropadagi javobni bu yerga keltirib qo‘ya olamizmi? Bu safar – yo‘q.

PFL translyatsiyalar bilan bog‘liq foydali shartnomaga ega emas, «Sport TV» ham budjet tashkiloti bo‘lgani uchun o‘rtada ikki tomonlama win-win kelishuvi yo‘q. Homiylar bilan ham shunday, Koka-Kola qaysidir miqdorni to‘lashdan bosh tortishi mumkin, lekin futbolga sarflanayotgan pullar oldida, bu birmuncha kamroq.

Qisqa qilib aytganda, klublarimiz pulni hokimdan oladimi, tadbirkorlarning foydasidanmi, o‘qituvchilar maoshidanmi, yoki ana boring, klubning o‘zi tikuv sexi orqaldi o‘zini o‘zi moliyalashtiryaptimi, farqi yo‘q, futbol o‘yinlarini davom ettirish PFL yoki klublarga moliyaviy foyda keltirmaydi, futbol o‘ynash ularni inqirozdan qutqarib qolmaydi.

Chempionat baribir muxlislarsiz davom ettirilishini inobatga olsak, ayni damda futbol biror ijtimoiy ehtiyojlarni ham qondirmaydi. Televizorda Superligani kuzatib, vaqt o‘tkazish mumkindir, lekin jamiyatni bir butun deb tasavvur qilsak, aksariyati moliyaviy qiyinchiliklar girdobida qolgan, virus har tomondan qamrab kelayotgan, zaruriy ehtiyojlar uchun mablag‘ muammo bo‘lib turgan paytda Superliga uchun pul to‘lash qanchalik to‘g‘ri?

Superligani davom ettirmasak, faqat mana shu sohada mavjud bo‘lgan qanchadir miqdordagi aylanma yo‘qolishi evaziga, shu aylanmadan daromad, oylik olib turgan kichik bir qatlam jabr chekadi, qo‘shilaman. Lekin hozir kim jabr chekmayapti? Kunlik mehnat qilib pul topadigan juda ko‘p sohalar, jamoaviy transport haydovchilari, umumiy ovqatlanish, turizm, bozorda savdo qiladiganlar, umuman futboldan bir necha barobar katta va foydali bo‘lgan tarmoqlar to‘xtatib qo‘yilib, yuz minglab ishsizlar paydo bo‘lganda, futbolni saqlab turish uchun pul sarflash isrof emasmi?

Bu xuddi, bir oilada nondan, ovqatdan, suvdan, doridan muammo bo‘lib turganda, otaning farzandiga qimmatbaho o‘yinchoq olib kelishidan emasmi? Xo‘p, o‘sha o‘yinchoq ma’lum vaqt bolani ovutib turgani bilan, zaruriy ehtiyojlar qoplanmasa, samarasiz bo‘lib qoladi. Buning ustiga, tan olish kerak, futbolimiz ba’zi davlatlardagi kabi, madaniyatimizning bo‘lagiga aylanib ketmagan, «ovunchoq» roliga ham tortmaydi.

Eng muhimi, virusning tarqalishi nuqtayi nazaridan ham, biz bugungi emas, mart oyidagi Yevropaga o‘xshab turibmiz. Ya’ni pik endi yaqinlashyapti, virus jilovlanmagan, tibbiyot sohasida yetishmovchiliklar bo‘y ko‘rsatyapti, ko‘chaga chiqish endi chin ma’noda xavfli bo‘la boshladi. Ya’ni hozir biz o‘sha mart oyida Yevropa futbolni to‘xtatgan paytdagi pallada turibmiz.

Bu sharoitdagi birlamchi ehtiyojlar bor. Bor mablag‘ni tibbiyotga yo‘naltirish, shu soha vakillarini rag‘batlantirish, kerakli jihozlar zaxirasi va o‘rinlarni tayyorlash, karantin qoidalarini qattiqlashtirish, ishsiz va daromadsiz qolganlar haqida qayg‘urib, ularga ma’lum miqdorda yordam berish haqida bosh qotirish, vafot etganlarga motam tutish pallasida turibmiz.

Superligada chempionni yoki kubok sohibini aniqlashning zarurligi haqida birgina mantiqli asos keltirilguncha, fikrim shu.

Qahramon Aslanov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ustuvorlik. Superligani to‘xtatish kerak