Apple oʻzining ilk buklama telefonini taqdim etdi

Apple oʻzining ilk buklama telefonini taqdim etdi

Apple kompaniyasi yangi bosh direktor Jon Ternus raisligidagi ilk kuzgi taqdimotida oʻzining eng soʻnggi qurilmalari, jumladan, koʻpchilik uzoq kutgan ilk buklama smartfoni hamda yangi avlod gadjetlarini namoyish etdi. Ixbt.com maʼlumotiga koʻra, "Surprise and Sunshine" deb nomlangan mazkur tadbir texnologiya olamida katta qiziqish uygʻotdi va brend tarixidagi muhim burilish nuqtalaridan biriga aylandi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Kompaniyaning eng asosiy eʼtibor markazidagi mahsuloti iPhone Duo deb nomlangan buklama telefon boʻldi. Ushbu qurilma ochilgan holatda 7.6 dyuymli Retina displeyga ega boʻlsa, uning tashqi ekrani 5.4 dyuymni tashkil etadi. Apple vakillarining taʼkidlashicha, yangi qurilma iPad planshetlarining koʻp funksiyadorligidan ilhomlangan holda yaratilgan.

iPhone Duo imkoniyatlari va kamera tizimi

Buklama smartfanning ichki displeyi butunlay ekrandan iborat koʻrinishni taʼminlovchi maxsus ekranosti kamerasi bilan jihozlangan. Qurilma ichki ekranda 31 soatgacha, tashqi ekranda esa 44 soatgacha videoni qayta ijro etish quvvatiga ega. Texnik koʻrsatkichlarga koʻra, u 48 megapikselli fusion asosiy kamera hamda 2 karrali optik zoomga ega 48 megapikselli ultrawide kamerani oʻz ichiga oladi.

Shuningdek, foydalanuvchilar boshqa buklama qurilmalardagi kabi asosiy kamera yordamida selfi tushib, tashqi ekran orqali tasvirni oldindan koʻrish imkoniyatiga ega boʻladilar. iPhone Duo modeli uchun maxsus ishlab chiqilgan ilgich (hinge) 5-darajali alyuminiydan tayyorlangan boʻlib, uning silliq ochilib-yopilishini taʼminlash uchun yuzdan ortiq maxsus muhandislik qismlarini oʻz ichiga oladi.

iPhone 18 Pro turkumidagi yangiliklar

Tadbirda, shuningdek, iPhone 18 Pro liniyasi ham eʼlon qilindi. U oʻzidan oldingi modellarning dizaynini saqlab qolgan boʻlsa-da, asosiy yangilanishlar kameraga qaratilgan. Yangi Pro seriyali kamera oltita yupqa pichoqcha yordamida boshqariladigan oʻzgaruvchan diafragmali 48 megapikselli sensor bilan jihozlangan.

Mazkur tizim yorugʻlik past boʻlgan sharoitlarda suratga olish sifatini sezilarli darajada yaxshilashi hamda tasvirga olish tezligini oshirishi kutilmoqda. Dasturiy taʼminot qismida esa oq rang balansi, zatvor tezligi, diafragma va gistogrammani oʻz ichiga olgan yangi professional boshqaruv elementlari joriy etildi.

Qurilmaning yangi "Photographic Styles" funksiyasi tekstura va donadorlikni boshqarishda kengroq moslashuvchanlikni taqdim etadi. Bundan tashqari, yangi kamera Dolby HDR Vision formatida 4K video yozib olish va tasvirga olib boʻlingandan keyin kinematografik effektlarni qoʻllash imkoniyatini beradi.

Maʼlum qilinishicha, iPhone Duo smartfonining boshlangʻich narxi 1,999 dollarni tashkil etib, 256 GB xotira bilan ikki xil rangda sotuvga chiqariladi. Qurilma uchun oldindan buyurtmalar joriy yilning 16-oktabridan boshlanadi, 23-oktabrdan boshlab esa doʻkonlar peshtaxtalaridan oʻrin oladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar