10:58 / 26.08.2020
2 020

“Barsa”dan yo Messi yoki Bartomeu ketadi! (Voqealarning batafsil sharhi)

“Barsa”dan yo Messi yoki Bartomeu ketadi! (Voqealarning batafsil sharhi)
Lionel Messi “Barselona”dan ketishini e’lon qilganidan keyin yuzaga kelgan vaziyat futbol olamida eng keng muhokama qilinayotgan mavzuga aylanib bo‘ldi. To‘g‘risi, borini shu jamoa uchun bahshida etgan futbolchining shunday holatga tushishi kutilmagan voqea bo‘ldi.

Chunki argentinalik hujumchi “Barselona”da o‘ynagan ilk davrlaridan boshlab, hamma uning faoliyati aynan Kataloniyada muvaffaqiyatli yakunlanishiga chin dildan ishonar edi. Messi – “Barsa” ramzi va afsonasiga aylanib bo‘lgan!

Biroq, oldindan kelajakda nima bo‘lishini hech kim bilmas ekan. Messi ham bir kunda klub uchun kerakmas futbolchiga aylanib qolishini o‘zi ham kutmagan, albatta.

Messi va klub rahbariyati munosabatlari aslida ancha oldin darz ketgandi. Aniqrog‘i, futbolchi boshqaruv siyosatidan norozi edi. Karantindan keyingi restrartda La Ligada peshqadamlik mavqei boy berilganidan so‘ng, hujumchi noroziligini oshkora namoyon etdi. U klub rahbariyati siyosatini o‘zgartira olishiga, ularning qarorlariga ta’sir qilishiga ishongandi.

Amalda unday bo‘lib chiqmadi. La Ligadan so‘ng, Chempionlar ligasidagi sharmandali mag‘lubiyatdan keyin Messi ham rahbariyat uchun ahamiyatini yo‘qotdi. Ayniqsa, Ronald Kuman jamoani qabul qilib olgach, bir necha yildan buyon “Barsa”ga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan “katta” futbolchilarning bariga endi kim xo‘jayin ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

Xususan, Kuman Messi bilan suhbatda endi argentinalik futbolchi boshqalar qatori oddiy o‘yinchi maqomini qabul qilishga majburligini uqtirgan. Bosh murabbiyning “Jamoadagi imtiyozlaring tugadi. Endi jamoa uchun ishlaysan. Sen o‘zing haqingda o‘ylamay, jamoa uchun o‘ynashni o‘rganishing kerak”, - qabilidagi tanbehi Messining ketish haqidagi fikrlariga turtki bo‘ldi. U endi jamoaga kerak emasligini tushundi.

Qolaversa, Messi “Barselona”da yetakchilik mavqeini boy berganidan ko‘ra, boshqa jamoaga o‘tib ketgani o‘zi va obro‘sini saqlab qolish uchun yaxshiroq ekanini biladi. Shuning uchun futbolchi klub rahbariyatini faks orqali ketishi haqida ogohlantirib, o‘zining transferi bo‘yicha so‘rov kiritdi. Messi rahbariyatga quyidagicha murojaat yo‘lladi:

“Men, Lionel Andres Messi, mazkur maktubga muvofiq, menga bu huquqni beruvchi 24-sonli band bilan o‘zimni himoya qilgan holda hurmatli klub bilan mehnat shartnomamni bekor qilishingizni so‘rayman.

Menga mehnat faoliyatim davomida professional tayyorgarlik ko‘rish va shaxsiy o‘sishimda yaratib berilgan imkoniyatlarni qadrlayman. Lekin shaxsiy qarashlarim men uchun o‘ta og‘ir bo‘lgan ushbu qarorni qabul qilishimga sabab bo‘ldi va bu rahbariyat tomonidan qabul qilinishidan umidvorman”.

Klub bunga rad javobini bergani ham ma’lum.
Ayni paytda “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti”, “Yuventus”, PSJ va “Inter” kabi jamoalari Messini o‘z safiga qo‘shib olishga tayyor turibdi. Ularning barchasi Leoga o‘zi istagan yetakchilik rolini berishga rozi.

Mutaxassislar Messini fikridan qaytarishning bir yo‘li borligini ta’kidlamoqda. Klub prezidenti Bartomeuning iste’foga chiqishi, Leoni Kataloniyada qolishiga sabab bo‘lishi aytilmoqda. Chunki futbolchi aynan Bartomeuning siyosatidan norozi va sobiq bosh murabbiy Kike Seten iste’fo berganida, prezidentning ham ketishini kutgan edi.

Bartomeu esa, Kuman yuritayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlamoqda. U muvaffaqiyatsizliklar uchun javobgarlikni Messi va u bilan birga uzoq vaqtdan beri to‘p surayotgan tajribali futbolchilar zimmasiga yukladi. Bartomeuning qat’iy pozitsiyasiga ko‘ra, Messi ketadigan bo‘lsa, uni oladigan klub 700 million yevro miqdorida tovon puli to‘lashi shart. Pul to‘lanmasa, Leo shartnomaning so‘nggi kunigacha Kataloniyada qoladi. Agar futbolchi shartnomaning maxsus bandidan foydalanib, bitimni bir tomonlama bekor qilishga urinsa, uning harakati sud orqali to‘xtatiladi.

Messi atrofidagi voqealar jamoaning muxlislarini jumbushga keltirmoqda. Kataloniyada Messining ketishiga qarshi namoyishlar boshlangan. Muxlislarning qudratli to‘lqini klub ofisi atrofida norozilik harakatlarini uyushtirmoqda. Ular Bartomeuning iste’fosini talab qilmoqda.

“Barselona” direktorlar kengashining a’zolari orasida ham Bartomeuni ketishini istaydiganlar soni ortib bormoqda. Ularning aksariyati klub afsonasining qolishi va faoliyatini shu yerda yakunlashini xohlaydi. Chunki, ularning nazdida Messining ketishiga yo‘l qo‘yish, tarixiy xato bo‘ladi va buni muxlislar hazm qila olmaydi, kelajak avlod esa umuman kechirmaydi. Hozirgi sharoitda butun dunyoda “Barselona”ga qaraganda, Messining muxlislari ko‘proq va ular Leo bilan birga u boradigan boshqa jamoani qo‘llab-quvvatlashga o‘tib ketadi. Bundan faqatgina “Barselona” yutqazadi.

Xulosa qilib aytganda, masalaning yechimi yo Messining ketishi yoki Bartomeu iste’fosiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Barsa”dan yo Messi yoki Bartomeu ketadi! (Voqealarning batafsil sharhi)