08:08 / 10.02.2021
1 892

Halollikni ulardan o‘rganing...

Halollikni ulardan o‘rganing...
Ortda qolgan Italiya A Seriyasi uchrashuvlari chog‘ida Andrea Belotti ko‘rsatgan mardlik futbol muxlislarini xushnud etdi. «Atalanta»ga qarshi o‘yinda «Torino» 3 to‘p farqi bilan ortda qolayotgan bo‘lsa ham, Belotti shubhali jarima zarbasini tepishdan bosh tortdi. U hakamga hech qanday fol bo‘lmaganini aytdi va nari ketdi. Referi esa, himoyachiga ko‘rsatilgan sariq kartochkani bekor qildi. E’tiborlisi shundaki, yakunda «buqalar» hisobni 3:3 ko‘rinishiga keltirdi. Bunday voqealar futbolda har kuni uchrayvermaydi. Biz bugun Belotti singari qulay vaziyatda turishiga qaramay, halol o‘yinni afzal ko‘rgan futbolchilarni yodga olamiz.

Paolo Di Kanio

Aslida, italiyalik futbolchi janjallari va xurmacha qiliqlari bilan omma e’tiboriga tushgan. 90 yillar va yangi asr boshida raqiblarini asabiga tegish borasida benazir bo‘lgan Paoloning siz va bizga yashirin tomonlari ham mavjud. 2000 yilning 18 dekabr sanasida Di Kanio barchani hayratda qoldirdi.

«Vest Xem» hujumchisi «Everton»ga qarshi bahsda bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qilishdan bosh tortdi. APLda har bir ochko qadrli ekanligini inobatga olsak, Di Kanioning qilgan ishi tahsinga sazovor.

«Irischilar» darvozasini qo‘riqlayotgan Pol Jerrard tanasida og‘riq sezgani uchun maydonga yotib oldi. Buni ko‘rgan futbolchi o‘zini zarba yo‘llashdan tiydi.

«Gudison Park» uning jentelmenligini olqishlar bilan kutib oldi. Mavsum so‘nggida esa, FIFA uni halol o‘yini uchun mukofot bilan taqdirladi.

Marselo Belsa

2019 yilning aprel oyida «Lids» bosh murabbiyi Marselo Belsa shogirdlaridan gol kiritilishi uchun raqibga imkon yaratib berilishini talab qildi. Vaholanki, APL yo‘llanmasi uchun juda muhim bo‘lgan pley-off uchrashuvi edi. «Aston Villa» jamoasi bilan o‘yin natijasi «tovuslar»ga uzoq kutilgan APL yo‘llanmasini taqdim etishi kerak edi, biroq «El loko» bunday yo‘l bilan elitaga chiqishni istamadi.

Gap shundaki, «Lids» a’zolari "fair-play" qoidasiga ko‘ra to‘pni raqibga qaytarib berishi lozim edi. Kutilmaganda, ular hujumga o‘tdi va gol kiritdi. «Aston Villa» futbolchilari hakamga e’tiroz bildirgan bo‘lsada, gol inobatga olindi. Marselo esa, bunday g‘alaba qozonishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Oqibatda, o‘yin 1:1 natijasi bilan yakunlandi va «Lids» chempionshipda qolib ketdi.

Yan Vertongen

Yan «Tottenxem» va Belgiya terma jamoasidagi o‘yinlari bilan muxlislar e’tiboriga tushgan. Hozirda «Benfika» sharafini himoya qilayotgan Vertongen ham o‘z vaqtida mard yigit ekanligini barchaga ko‘rsatib qo‘ygan.

19 yoshli Yan «Ayaks» a’zosi edi. «Kumbura»ga qarshi bahsda u to‘pni “fair-play”ga rioya qilish maqsadida raqibga qaytarib bermoqchi bo‘ladi, biroq uning uzatmasi kutilmaganda golga aylanib ketadi. Vaziyatni to‘g‘ri baholagan qahramonimiz, jamoadoshlaridan raqibga gol urish uchun imkoniyat yaratib berishlarini iltimos qiladi. Qarabsizki, «Kumbura» ortiqcha muammosiz hisobni tenglashtirmoqda.

Oliver Kan

Futbol olamidagi eng ta’sirli voqealardan birini ham yodga olish uchun ayni vaqt. 2000/01 yilgi mavsum Yevropa Chempionlar Ligasi finalidan so‘ng, Myunxen klubi kiperi Oliver Kan amalga oshirgan jasorat muxlislar yodidan ko‘tarilmagani aniq. «Bavariya» va «Valensiya» o‘rtasidagi bahsni penaltilar seriyasi hal etadi.

«Bavariya» futbol lotereyasida omadliroq chiqqach, Myunxen klubi bayramni boshlab yubordi. O‘yin qahramoniga aylangan Kan esa, jamoadoshlarini o‘zidan itargancha Santyago Kanisaresning ahvoli bilan qiziqishga qaror qildi. Ispaniyalik darvozabon hayotidagi eng muhim finalni boy bergani uchun ruhiy tushkun holatda edi. Kan esa, uni yupatish uchun kerakli so‘zlarni topa oldi.

«Yig‘lama, o‘rningdan tur. Sen bilan onang faxrlanadi. Bu futbol…

To‘g‘ri voqea o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatmagan, ammo bu ishni amalga oshirish uchun ham ulkan qalb egasi bo‘lish lozim.

Miroslav Kloze

2012 yilning sentabr oyida Germaniya terma jamoasi sobiq a’zosi Rimdagi debyut uchrashuvida hammaning e’tiborini tortdi. «Latsio» va «Napoli» to‘qnashuvida hujumchi burchakdan uzatilgan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Hakamlar golni inobatga oldi, biroq hujumchi referining oldiga bordi va golni qo‘li bilan kiritganini tan oldi. Gol bekor qilindi. O‘yindan so‘ng, Kloze voqeaga juda kamtarlik bilan izoh berdi.

«Men golni qo‘l bilan kiritdim. Buni tan olish kerak».

Ochig‘i, Miroslav bunday holat bilan birinchi bor to‘qnash kelmayapti. 2005 yilda «Verder» safida hakam belgilangan penaltidan ham voz kechgan edi. Miroslav futbolda halollikni juda qadrlaydiganlar sirasiga kiradi.

Arsen Venger va «Arsenal»

London klubi sobiq bosh murabbiyi Arsen Venger ham jentelmenlik qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib qo‘yganlardan biri hisoblanadi. 1999 yilning 13 fevral sanasi, Angliya kubogi doirasida «Arsenal» «Sheffild Yunayted»ni qabul qiladi. O‘yin 2:1 hisobida «Xayberi» egalari foydasiga hal bo‘ladi. Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida Nvankvo Kanu "fair-play" qoidalariga zid tarzda to‘pni raqiblarga topshirishdan bosh tortadi va qanotdan yangi hujum boshlaydi. U uzatgan to‘pni Mark Overmars «Sheffild» darvozasiga joylab qo‘yadi. Mehmonlar hakamga qanchalar bosim o‘tkazmasin, qonun-qoidaga ko‘ra bu golni inobatga olmaslikka uning haqqi yo‘q edi.

Uchrashuv yakunlangach, janob Venger kutilmagan tashabbus bilan chiqdi. U «Sheffild»ga o‘yinni qayta o‘tkazish borasida taklif jo‘natadi. Hakamning qaroridan norozi bo‘lgan raqib buni qabul qiladi. 10 kundan so‘ng tashkil qilingan o‘yinda «Arsenal» yana 2:1 hisobida g‘alaba qozonadi. Jamoaning ikkinchi golini yana Overmars kiritadi, ammo bu safar hech kim bu golga e’tiroz bildirmadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Halollikni ulardan o‘rganing...