16:30 / 24.02.2021
2 059

Maksim Shatskix: "Rux" klubidagilarga qo‘ng‘iroq qilib, bu yigitni qo‘ldan chiqarmasliklarini so‘radim"

Maksim Shatskix: "Rux" klubidagilarga qo‘ng‘iroq qilib, bu yigitni qo‘ldan chiqarmasliklarini so‘radim"
Yaqinda iqtidorli hujumchimiz Bobur Abuxoliqov Ukrainaning “Rux” klubi bilan shartnoma imzoladi va bu borada OAVda keng yoritildi. Shu tariqa, futbolchi faoliyatida ilk bor legionerga aylandi.

Bungacha u faqat “Nasaf”dan boshqa jamoada o‘ynamagandi. Endi esa faoliyatida o‘sish uchun chetga ketish vaqti yetib kelganini o‘zi ham yaxshi tushunib turgandi. Buning ustiga “Nasaf”dagi vaziyat qandayligini barcha yaxshi biladi. Yuzaga kelgan moliyaviy muammolar hamda futbolchilarga yetarlicha e’tibor berilmayotgani baribir ta’sir ko‘rsatishi turgan gap. Bobur esa faoliyatida yangi sahifa ochdi.

Uning Ukraina klubiga ko‘chib o‘tishi yuzasidan saytimiz ham faol tarzda yoritdi. Ma’lum bo‘lishicha, “Rux” klubi rahbarlariga Maksim Shatskix qo‘ng‘iroq qilib Abduxoliqovni qo‘llab-quvvatlashi borasida gapirgan va buni “Rux” klubi sport direktori Vladimir Lapitskiy aytib o‘tgan. Bu albatta yoqimli eshitildi. Chunki o‘z vaqtida “Rux” klubida ham to‘p surgan Shatskixni Ukrainada juda yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi. Demak, u sobiq klubining o‘zbekistonlik hujumchini xarid qilishiga befarq qarab turmagan. Shu sababli sports.uz muxbiri Shatskix bilan aloqa o‘rnatdi. Buning sababi aynan Abduxoliqov va “Rux” klubi bilan bog‘liq edi.

- Maksim Aleksandrovich, o‘zbek futbolini qanchalik kuzatib boryapsiz?
- O‘zbek futboli haqida faqat do‘stlarim bilan suhbatlashgan paytda xabardor bo‘lib boryapman xolos. Chunki chempionat o‘yinlarini bizda namoyish etishmaydi.

- Bu haqda bejizga so‘ramagandim. Chunki yaqinda hamyurtimiz Bobur Abduxoliqov siz to‘p surgan Ukrainaning “Rux” klubiga ko‘chib o‘tdi. Aytishlaricha, siz o‘sha klub rahbarlariga futbolchimiz borasida qo‘ng‘iroq qilgan ekansiz...
- Ha, “Rux” klubidagilarga telefon qildim va bu yigitni qo‘ldan chiqarmasliklarini so‘radim. Ammo shaxsan uning o‘zi bilan tanish emasman.

- Eshitishimizcha, “Rux” klubining kelajagini yorqin baholashyapti. Bu gaplarda jon bormi?
- Jamoaning o‘ziga kelsak, bu anchadan beri yuqori darajaga chiqish istagi borligini namoyish etib kelmoqda.

- Tushunarli. Unday bo‘lsa, ilgari “Rux” jamoasida to‘p surgan sobiq futbolchi sifatida Bobur Abduxoliqovga qanday maslahat berasiz?
- Bu savolninig javobi oddiy: qo‘lingdan kelgan ishni iloji boricha yaxshi bajar, shunda maqsadingga erishasan.

- Darvoqe, “Spartak”dan “Ufa”ga qaytgan Oston O‘runov masalasida fikringiz qanday?
- O‘runovni qanday to‘p surishini hali biror marta ham ko‘rganim yo‘q. Shu bois biror nima deya olmayman. Unga faqat omad tilayman.

Shatskix o‘z odatiga ko‘ra, savollarimizga qisqa va lo‘nda javob berish bilan cheklandi. Lekin ko‘rinib turibdiki, u “Rux” klubining Abduxoliqov bo‘yicha transferini chindan ham qo‘llab-quvvatlagan. Aslida Shatskixga yana boshqa savollarimiz ham bor edi. Ammo o‘zining vaqtidan kelib chiqib o‘zi istaganlariga javob yo‘lladi deb hisobladik. Lekin shunisiga ham shukr.

Shuningdek, Oston O‘runov haqidagi savolga javob berar ekan, hali o‘yinini ko‘rmaganligini ta’kidladi, o‘tgan safar ham shunga o‘xshash javob bilan cheklangandi. Balki chindan ham shundaydir, yana bilmadik. Harqalay u shunday javob yo‘llashni ma’qul ko‘rdi. Lekin Shatskixning sobiq klubida Abduxoliqovni kuzatib borishiga ishonsa bo‘ladi. Axir klub rahbarlariga ham bejiz qo‘ng‘iroq qilmagan-ku, demak u Boburga befarq emas.

“Nasaf” tarbiyalanuvchisi yangi klubiga ko‘chib o‘tganidan keyin jamoasi “Shaxtyor”ga qarshi o‘yin o‘tkazdi. O‘sha bellashuvda hamyurtimizning debyutini kutgandik, ammo bu amalga oshmadi. Lekin yaqin orada uni “Rux” tarkibida rasmiy uchrashuvda ko‘ramiz, deb umid qilamiz.

Yana shuni ham aytish kerakki, kuni kecha Abduxoliqov bilan gaplashdik. Hozircha hammasi yaxshi ketayotganini, yangi klubida o‘zini qulay his qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, unga ilk taassurotlarini bilish maqsadida suhbatlashish taklifimizni ham o‘rtaga tashlagandik, bunga javoban hujumchimiz yangi jamoasi safida bir-ikkita o‘yin o‘tkazib olib, o‘ziga yangi ko‘nikmalarni hosil qilgach, keyin bemalol gaplashishini aytdi. Muhimi, Boburning yangi klubida o‘z so‘zini ayta olishiga qurbi yetadi.

Shuhratbek Jo‘rayev

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskix: "Rux" klubidagilarga qo‘ng‘iroq qilib, bu yigitni qo‘ldan chiqarmasliklarini so‘radim"