21:47 / 19.05.2021
2 094

Mirjalol Qosimov AGMKning mag‘lubiyatiga qanday izoh berdi?


Bugun Superliganing 9-turida “Mash’al” jamoasi o‘z uyida AGMKni qabul qildi va 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, muhim ochkolarni qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan keyin AGMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov jamoasining mag‘lubiyati sabablari haqida gapirdi.

- O‘yindan qanday taassurot oldingiz?
- Qanaqa taassurot bo‘lishi mumkin? “Bunyodkor”dan oldin ham xavotirga solayotgandi. Ya’ni, 45 kun ichida 12 ta o‘yin o‘ynash juda ham og‘ir. Bu haqida “Bunyodkor” bilan uchrashuvdan keyin ham aytib o‘tgandim. Uzoq yo‘l, masofa...xohlaymizmi-yo‘qmi, insonning organizmi rezinka emas. Qolaversa, “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvning birinchi bo‘limida bir kishi kam bo‘lib qolganimizdan keyin ko‘p kuch yo‘qotgandik. Shuning uchun baribir bizda xavotir bor edi. Bu esa o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. O‘yin 17:30 da boshlandi, bu ikkala jamoaga ham qiyinchilik tug‘dirdi. Bu bahona emas, bahonalarni yomon ko‘raman. Ammo bu ham ta’sirini o‘tkazdi. Ikki xil taym guvohi bo‘ldik.

Birinchi golda “Mash’al” o‘yinchisining mahorati ish berdi. Botirali ham hech narsa qila olmadi. Chiroyli gol urdi. Goldan keyin ko‘plab shoshqaloqliklarga yo‘l qo‘ydik. Qarshi hujumda ikkinchi golni o‘tkazib yubordik. Shunga qaramasdan ikkinchi taymda faollikni oshirdik va gol ham urdik. Balki VAR bo‘lganda boshqacha bo‘larmidi?! Bizga tezroq gol kerak edi. Afsuski, o‘yin oxirida hisobni qisqartirdik. Ammo bunga uch ochko berilmaydi. Futbolda g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Nima bo‘lganda ham “Mash’al”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Endi milliy terma jamoamiz sababli chempionatda tanaffus. O‘ylaymanki, bu bizga asqotadi. Fursatdan foydalanib, terma jamoamizga Saudiyada bo‘ladigan o‘yinlarda omad tilab qolamiz.

- Butun o‘yinni tik turib, asabiy holda kuzatdingiz. Jamoangizni bugun “Mash’al”ni mag‘lub etishiga ishongandingizmi yoki shogirdlaringiz ko‘rsatmalaringizni oxirigacha bajara olmadilarmi?
- O‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan jamoa har bir o‘yinda maydonga tushganida ochko yo‘qotmasligi kerak. Qolaversa, biz muxlislar uchun harakat qilamiz, buni futbolchilardan talab ham qilaman. Uzoq yo‘l bosib kelgan bir dona muxlis bo‘lsa ham uning uchun harakat qilamiz. O‘zi bashorat qilishni yoqtirmayman. Bugun shunaqa ekan, yutqazib qo‘ydik. Bundan xulosa qilamiz. Chempionatdagi tanaffus bizga asqotishi kerak. Yuqorida aytdim, futbolda organizmni aldab bo‘lmaydi. Quvonarlisi, futbolchilarimiz hakamning oxirgi xushtagiga qadar harakat qilishdi. Masalan, birinchi bo‘limdan 2:0 hisobi bilan chiqib ketdik. Ikkinchi bo‘limda yigitlar o‘yinni tashlab yuborishlari ham mumkin edi. Lekin futbolchilarimiz oxirigacha kurashdi.

- Mirjamol Qosimov almashtirildi va uning hozirgi holati qanday?
- To‘g‘risi, hali bilmaymiz, shifokorlar ko‘rigida, vaqt ko‘rsatadi. Jarohat futbolchi bilan yonma-yon yuradi.

- Shoxruh Gadoyevni qaysi jihatlari uchun asosiy tarkibda bor deb hisoblaysiz?
- Nafaqat Gadoyev, balki qo‘l ostimda 23 nafar futbolchi bor. Hech kimga asosiy tarkibdan joy kafolatlanmagan. Kim tayyor bo‘lsa, o‘sha o‘ynaydi. Futbolchi maydonga tushganda avvalo klub va g‘alaba uchun borini berishi kerak.

- Fortesning o‘yini chiqmaganligi charchoq bilan bog‘liqmi yoki boshqa sababi bormi?
- Men tarkibda ko‘p rotatsiya qilaman. Har bir o‘yinchiga imkoniyat beraman. Har doim balansni ushlashga harakat qilamiz.

- “Nasaf” OFK Kubogida qatnashyapti. Bu jamoaning ertangi bahsi qanday o‘tadi deb o‘ylaysiz?
- O‘yinlarini ko‘rganim yo‘q. Albatta, ikkita g‘alabaga erishdi. Oxirgi o‘yinda ham g‘alaba uchun kurashadi va o‘ylaymanki, guruhda birinchi o‘rinni o‘ziniki qilishi shubhasiz. “Nasaf”ga omad tilab qolamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov AGMKning mag‘lubiyatiga qanday izoh berdi?