11:25 / 29.05.2021
1 862

Shomurodovni yulduzli onlar kutmoqda!

Shomurodovni yulduzli onlar kutmoqda!

Shomurodovning “Jenoa”ga transferi hamma tomonga foyda bo‘ldi. Genuyaliklar salohiyatli hujumchiga ega chiqdi va Eldorning o‘yini jamoaning autsayderlar qatoridan chiqib, A Seriyaning o‘tgan mavsumini musobaqa jadvalining o‘rtalarida yakunlashiga yordam berdi.

Shomurodovning o‘zi ham dunyoning eng kuchli ligalaridan birida o‘ynash orqali mahorati va tajribasini oshirdi. Eldorning har tomonlama kuchayganini ko‘rishimiz mumkin. Bu birinchi o‘rinda, jahon chempionatiga chiqish orzusida harakat qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining yutug‘i hamdir.

Qolaversa, hamyurtimizning Italiyadagi muvaffaqiyatlaridan o‘zbek futboli muxlislari ham xushnud bo‘lmoqda. Chunki, yaxshi bilamizki, Eldor singari kuchli chempionatlarda o‘ynaydigan legionerlarimiz ko‘paysa, terma jamoamizning o‘z zimmasidagi vazifalarni uddalashi ancha osonlashadi. Eldorning xorijdagi muvaffaqiyatli o‘yini esa, chet ellik skautlar, ekspertlar, murabbiylar va mutaxassislar e’tiborini o‘zbek futboliga tortishi ham shubhasizdir.

Yana bir jihat, Eldorni “Jenoa”ga transfer qilgan “Rostov” ham yaxshi hujumchini boy bergan bo‘lsa-da, moliyaviy inqiroz davrida mo‘maygina daromad oldi. Hatto, mavsum oxiriga kelib, Shomurodov “Jenoa”da gol+pas tizimida 10 ball to‘plagani bois, rostovliklar yana 500 ming yevro bonusga ega bo‘ldi.

“Jenoa” ham mardlik qildi. Hech qanday ahamiyat kasb etmaydigan “Kalyari”ga qarshi bahsda Eldorni maydonga tushirmay, yarim million yevroni tejab qolishi mumkin edi. Lekin, ular Shomurodovni asosiy hujumchi sifatida o‘ynatdi va hamyurtimiz g‘alaba to‘pini kiritdi.

Ayni paytda genuyalik muxlislar mavsum yakunlarini muhokama qilish bilan band. Bu pallada gap Shomurodovga ham taqalyapti. E’tiboringizga “Jenoa”ning rasmiy kanallariga qo‘yilayotgan muxlislarning Eldor haqidagi fikrlarini havola etamiz.

Giuseppe Bocconi: Oxirgi uchrashuvda Eldorni zaxirada olib o‘tirish kerak edi. “Kalyari”ni yutganimiz bilan hech narsa o‘zgarmas edi. Bu oddiy rasmiyatchilik o‘yini edi. Biz yo‘q joydan 500 ming yevro yo‘qotdik.

Marco Perini (Giuseppe Bocconi fikriga javoban): 500 ming yevro – katta summa emas. Eldorning ajoyib goli evaziga oxirgi uchrashuvdagi g‘alabaning ahamiyati biz uchun juda muhim. Jamoa ta’tilga yaxshi kayfiyat bilan chiqdi. Biz muxlislar ham Shomurodovning golidan keyin bayram qilishimizga sabab topildi. Eng muhimi esa, o‘zbek futbolchisi mavsum yakunidagi golli seriyasini davom ettirdi. Bu o‘yinini topib borayotgan hujumchi uchun ahamiyati yuqori bo‘lgan holat.

Roberto Boniardi: Shomurodov o‘ziga sarf qilingan hamma pullarni oqlab bo‘ldi. U hozir jamoadagi eng kuchli hujumchi va yana kuchayadi. Shuning uchun transferiga yana 500 ming yevro qo‘shilganining hech qanday ahamiyati yo‘q.

Enrico Grella: 500 ming yevro bu oddiy pul xolos. Eldor keltirgan g‘alabaning qiymati juda baland!

Emanuele Sinesi: Ha, uning oxirgi goli bizni 500 ming yevroga tushirdi. Lekin aynan mana shu gol bizga g‘alaba keltirdi. Agar sizni pul bezovta qilayotgan bo‘lsa, Shomurodov A Seriya darajasida o‘ynayotganiga qaramay, boshqalardan ancha kam maosh olayotganiga e’tibor bering. Shunday ekan, xavotirga o‘rin yo‘q va hammasi joyida.

Laura Nanut: Ana xolos! Shomurodov o‘z faoliyatidagi eng qimmat golni urdi. Bitta aniq zarba uchun yarim million yevro. Ikkinchi tomondan, bi so‘nggi uchrashuvda zafar quchdik va bu psixologik tomondan muhim edi.

Pantelis Patikos (Laura Nanut fikriga javoban): Hozircha bu Shomurodovning eng arzon goli. Unga 7 million yevro sarflaganmiz va so‘nggi o‘yinlarda 7 ta gol urdi. Demak, uning har bir goli millionga teng. Shunday ekan, “Kalyari” darvozasiga urilgan gol eng arzoni.

Paolo Pocaterra: “El O‘zbeko”ni yulduzli onlar kutmoqda va u katta summaga grand klublarga sotib yuboriladi. Eldor bizga har tomonlama katta foyda keltiradi. Sizlar esa, arzimagan yarim millionni muhokama qilib o‘tiribsizlar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Shomurodovni yulduzli onlar kutmoqda!