12:50 / 01.06.2021
3 014

Bokschilarimiz zo‘rligini isbotlab qo‘ydi yoxud qozog‘istonliklarga birorta oltin medal berilmadi!


Boks bo‘yicha bu yilgi Osiyo chempionati finallarini yana O‘zbekiston va Qozog‘iston bokschilarining o‘zaro raqobati bezab berdi.
Erkaklar o‘rtasidagi musobaqada esa o‘zbek bokschilari hamon qit’ada etakchiligini yana bir karra isbotlab qo‘ydi. O‘nta vazndagi finalda O‘zbekistondan etti, Qozog‘istondan besh, Mo‘g‘uliston va Hindistondan uchtadan, Erondan bitta bokschi ishtirok etdi.

49 kilogramm
Final: Daniyal Sabit (Qozog‘iston)- Nodirjon Mirzahmedov (O‘zbekiston) - 0:5.
Eng engil vazndagi bokschimiz raqibini katta ustunlikda mag‘lubiyatga uchratib, Hasanboy Do‘smatovga munosib o‘rinbosar borligini isbotlay oldi va g‘alaba yurishni boshlab berdi. Uning ishonchli harakatlari qolgan bokschilarimizning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qildi. Nodirjonning o‘zi ikki yil oldin qo‘lga kiritgan chempionlik unvonini munosib himoya qildi.

Bronza: Mark Lester Durans (Filippin) va Unubold Orxontungalag (Mo‘g‘uliston).
52 kilogramm
Amit Pangal (Hindiston, 1) - Shahobiddin Zoirov (O‘zbekiston, 2) - 2:3.
Bu vaznda nafaqat Osiyoning balki jahonning eng kuchli ikki bokschisi o‘zaro to‘qnash keldi. Bu  bokschilar jahon chempionatining finalida ham o‘zaro kuch sinashgan va unda ham o‘zbek bokschisi zafar quchgandi. Keskin va murosasiz bahsda zafar quchgan Shahobiddin Zoirov Amitdan qit’a chempionligini tortib oldi. Havaskor boksda Zoirov yutmagan nufuzli musobaqa qolmadi – u Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari hamda Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi.

Bronza: Saken Bibosinov (Qozog‘iston, 3) va Aset Usenaliev (Qirg‘iziston, 4).
56 kilogramm
Mirazizbek Mirzaxalilov (O‘zbekiston, 1) - Xarkxuu Enx-Amar (Mo‘g‘uliston, 2) - 2:3.
Amaldagi jahon chempioni hisoblangan Mirazizbek bu gal qit’a chempionligini raqibiga topshirib qo‘ydi. Aslida final bahsi teng kurashlar ostida o‘tdi. Biroq, hakamlarga mo‘hul bokschisining harakati ko‘proq ma’qul keldi. Mirzaxalilov finalni boy bergan yagona vakilimiz bo‘ldi.

Bronza: Esenbek Akilbek (Qirg‘iziston) va Junmilardo Ogayer (Filippin).
60 kilogramm
Erdenebat Tsendbaatar (Mo‘g‘uliston, 1) - Daniyal Shaxbaxsh (Iran) - 5:0.
Bu vaznda yarim finalda Abdumalik Halakovni qiyinchilik bilan enggan Erdenebat Tsendbaatar chempion bo‘ldi. Biroq, hamyurtimiz ancha yosh bo‘lishiga qaramay, chempionatda munosib ishtirok etdi. Kattalar o‘rtasidagi musobaqalarga yaqinda qo‘shilgan Halakovning kelajagiga ishonch bor.  
Bronza: Varinder Singx (Hindiston) va Abdumalik Halakov (O‘zbekiston).
64 kilogramm
Shiva Tapa (Hindiston) - Baatarsux Chinzorig (Mo‘g‘uliston, 2) - 2:3.
Bu vaznda kutilmagan bokschi finalga chiqdi. Shiva yarim finalda amaldagi chempion Bahodur Usmonovni engdi, lekin finalda ikkinchi raqamli bokschi Baatarsux Chinzorigning qo‘li baland keldi. Elnur Abduraimov Olimpiadada sovrindor bo‘lish uchun tayyorgarligini kuchaytirishi kerak bo‘ladi.
Bronza: Elnur Abduraimov (O‘zbekiston) va Bahodur Usmonov (Tojikiston, 1).
69 kilogramm
Bobo-Usmon Boturov (O‘zbekiston, 1) - Abilayxan Jusupov (Qozog‘iston, 2) - 4:1 (jang raqibning jarohati tufayli birinchi raundda yakunlandi)
Bu ikki bokschi avvalgi jahon chempionatida bronza medalni bo‘lishib olgandi. Qozoq bokschisi o‘zaro bahsda hamyurtimizga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmadi. Jang to‘xtatilgan paytda ham hisobdagi ustunlik Boturov tomonida edi. Bobo-Usmon qit’a chempionligi unvonini o‘zida saqlab qoldi.

Bronza: Battumur Misheelt (Mo‘g‘uliston) va Vikash Krishan (Hindiston).
75 kilogramm
Abilxan Amanqul (Qozog‘iston) – Saidjamshid Ja’farov (O‘zbekiston) - 1:4.
Bu ikki bokschi yarim finallarda vazn etakchilarini musobaqadan chiqarib yubordi. Saidjamshid o‘ziga berilgan imkoniyatdan to‘liq foydalandi. Finalda raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va ilk marta Osiyo chempioni bo‘ldi. Bu bokschimizni ham yorqin kelajak kutayotganidan umidvormiz.

Bronza: Eumir Feliks Marsial (Filippin, 1) va Zeydshaxin Mousavi (Eron, 2).
81 kilogramm
Meysam Geshlagi (Eron) - Dilshodbek Ro‘zmetov (O‘zbekiston, 2) - 2:3.
Jahon chempionati finalchisi bo‘lgan Dilshod Ro‘zmetov finalda qiyinchilikka uchradi. Lekin mahorat va tajriba bobida eronlik raqibidan ustunligini namoyish eta oldi. Qit’a chempionatidagi dastlabki oltin medalga ega chiqdi.

Bronza: Erkin Abdilbek Uulu (Qirg‘iziston) va Shabbos Negmatulloev (Tojikiston).
91 kilogramm
Vasiliy Levit (Qozog‘iston, 1) - Sanjit (Hindiston, 2) - 1:4.
Bu vaznda qit’amizning eng kuchli ikki bokschisi o‘zaro to‘qnash keldi.  Ustunlik hindistonlik bokschi tomonida bo‘ldi. Qozog‘istonliklar Olimpiya o‘yinchilari finalchisi, jahon chempionatlari sovrindori va uch karra Osiyo chempioni bo‘lgan Levitning g‘alabasiga ishongan edi.
Bu vaznda qatnashgan Sanjar Tursunov chempionatni bronza medal bilan yakunladi.  Sanjar Olimpiada uchun tayyorgarlikni kuchaytirishi kerak bo‘ladi.
Bronza: Rustam Irisbek Uulu (Qirg‘iziston) va Sanjar Tursunov (O‘zbekiston, 3).
+91 kilogramm
Bahodir Jalolov (O‘zbekiston, 1) - Qamshibek Kunkabaev (Qozog‘iston, 2) - 5:0.
O‘ta og‘ir vazn har qanday musobaqaning gultoji hisoblanadi. Ayniqsa, finalda ashaddiy raqiblarning to‘qnash kelishi janglarning eng keskin va murosasiz ko‘rinishini taqdim etadi. Qozog‘iston terma jamoasi sardori Qamshibek Kunkabaev qo‘shnilarimizning so‘nggi umidi edi.
Biroq, Bahodir Jalolov xuddi jahon chempionati finalida bo‘lgani kabi  bu gal ham raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Jangni katta ustunlik bilan enggan hamyurtimiz uch karra Osiyo chempioniga aylandi.

Bronza: Puria Amiri (Eran) - Abdulrahmon Alanzi (Kuvayt).
O‘zbekiston terma jamoasi 6 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Ikkinchi o‘rindan joy olgan mo‘g‘ulistonlik charm qo‘lqop ustalari hisobida uchta oltin va ikkita bronza bor.
Kuchli uchlikni bitta oltin, ikkitadan kumush va bronza bilan hindistonliklar yakunladi.

Bu chempionatda oltin medalsiz qolgan qozog‘istonlik bokschilar beshta kumush va bitta bronza medal bilan to‘rtinchi o‘rinda qayd etildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bokschilarimiz zo‘rligini isbotlab qo‘ydi yoxud qozog‘istonliklarga birorta oltin medal berilmadi!