10:17 / 16.07.2021
3 690

Terma jamoamizga qanday murabbiy kerak?!


O‘zbekiston milliy terma jamoasi posti bo‘sh ekanligidan xabaringiz bor. Xo‘sh, bu o‘ringa qanday mutaxassis loyiq? Bugun shu mavzu haqida fikr yuritamiz.

Vadim Abramov postni topshirgach, muxlislar armiyasi ikkiga bo‘lindi. Kimdir xorijlik mutaxassis ishni qabul qilib olishidan umidvor bo‘lsa, yana kimlardir mahalliy mutaxassislar eng yaxshi variant, deb hisoblamoqda. Xo‘sh, qay bir variant biz uchun foydali bo‘ladi?

1. Xorijlik!
Abramov, Qosimov, Babayan, Kopadze, Sarkisyan... Mahalliy mutaxassislarning deyarli barchasi terma jamoani boshqarishga ulgurdi. Achinarlisi shundaki, "o‘zimiznikilar" bilan JCH saralash o‘yinlarining eng muhimlarini boy berdik. Oldimizga qo‘yilgan vazifani uddalay olmaganlarni yana ishga chorlashdan nima naf? Kimdir Ro‘ziqul Berdiyev nomzodini ko‘rsatishi mumkin, ammo bu tavakkal qaror. Hozirgi davrda "Nasaf" jamoasini bu murabbiysiz tasavvur qilish mushkul. Uning terma postiga kelishi klubda muammolarni yuzaga keltiradi. Boz ustiga, "ajdarlar" ustozida terma jamoalar bilan ishlash borasida tajriba yo‘q. Vaqti kelib uni terma postida ko‘rishimiz aniq, ammo bu ish bir necha yildan keyin sodir bo‘lsa, ikki tomon uchun ham foydali bo‘ladi.

2. Minimumdan maksimum!
Futbolimizdagi kadrlar bilan muammo borligi hech kimga sir emas. Abramovning o‘rniga keladigan murabbiy ham katta ehtimol bilan shu futbolchilar atrofida jamoa quradi. Shunday ekan, terma jamoa o‘yinida o‘sish bo‘lishi uchun yangi g‘oya zarur. Yangi murabbiy targ‘ib etadigan uslub futbolchilarimizni boshqa tomondan kashf etishi, ularning imkoniyatlarini to‘liq ochib berishi shart. Shuningdek, ichki muhitni ham unutmaslik lozim. Keragidan ortiq qattiqqo‘l yoki ko‘ngli yumshoq murabbiydan ham naf chiqmasligi turgan gap. Bizda kuchli darvozabon, saviyali markaziy himoyachilar taqchilligi ko‘zga tashlana boshladi. Muammoni bartaraf etish uchun o‘z ish rejasiga ega mutaxassis hozir har doimgidan-da ko‘proq kerak.

3. Terma jamoalar bilan ish olib borgan bo‘lishi shart!
Bu eng muhim omil, deb hisoblamayman, lekin klub va terma jamoa boshqa-boshqa olam. Ularning ikkisida ham o‘zini birdek yaxshi his qiladigan mutaxassislar yo‘q. Agar yangi bosh murabbiy terma jamoalar bilan ishlash borasida tajribaga ega bo‘lsa, bu katta plyus. Moslashuv jarayoni qancha qisqa davom etsa, biz uchun shunchalar yaxshi.

4. O‘zi uchun imij yaratishni reja qilgan mutaxassis!
Qanchalar sodda ko‘rinmasin, bizga g‘alabaga chanqoq murabbiy kerak. Bu vaziyatda nomdor mutaxassislarni ro‘yxatdan o‘chirib tashlash mumkin. Ular ishga shunchaki "Falonchi-Pistonchiyev" bo‘lgani uchun emas, endi tanilish maqsadida tashrif buyurishi lozim. Xorijlik mutaxassis futbolimizni yangi darajaga olib chiqish orqali o‘z imijini yaratishga intilishi darkor. Aks xolda, uning quruq nomiga uchib xursand bo‘lishdan hech qanday naf yo‘q! O‘zbekiston milliy terma jamoasi tashrif buyuruvchi xorijlik murabbiy uchun faoliyatining so‘nggi bekati yoki pul ishlab olish uchun qulay imkoniyat vazifasini o‘tab bermasligi uchun tanlovda adashmaslik shart!

5. Ishonch!
Yangi bosh murabbiyni taklif etish orqali, O‘FA muxlislarning terma jamoamizga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini qaytarib berishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlar bosh jamoamiz haqidagi turli hazillarga to‘lib ketdi. Bu kulgili ko‘rinishi mumkin, ammo achinarli holat. Xalqning ishonchini qaytarish uchun media olamdan qochmaydigan, doimo o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashadigan shaxsning yordamisiz amalga oshirish imkonsiz. Mahalliy mutaxassislarimiz keragidan ortiq bosim sababli doimo navbatchi so‘zlar bilan chiqish qildi. Ularning bosimni his qilishi o‘z-o‘zidan futbolchilarimizga ham ta’sir ko‘rsatdi. Xorijliklar katta bosimda to‘p tepish orqali adrenalin oladi, biz esa yo‘qotishdan qo‘rqaveramiz.

6. Mustaqil murabbiy!
Vadim Abramovni "Bunyodkor" futbolchilarini terma jamoaga chaqirishi muxlislarni ikki xil fikrlashga majbur qildi. Mutaxassisning simpatiya ta’sirida termaga futbolchilarni chorlagani ko‘pchilikni g‘azabiga sabab bo‘ldi. Mahalliy murabbiylarimizdan qay biri postga o‘tirishiga qaramay uning tanlovi keng muhokama qilinaveradi. Hozir hamma kuchni bir mushtga to‘plashga qodir uddaburon murabbiyning yordamiga muhtojmiz.

7. Ideal murabbiy bormi?
Mundial saralashining hal qiluvchi bosqichiga chiqa olmagach, termamiz postini qabul qilgan insonga oson bo‘lmasligi turgan gap. Juda ko‘plab aspektlardagi muammolarni bartaraf etish darkor. Atrof-muhit va muxlislar g‘azabi vaziyatni yanada murakkablashtiradi. O‘FA bir nechta variantlarni ko‘rib chiqayotgani haqida mish-mishlar yuribdi, lekin aniq bir fakt yo‘q. Hozir nishonga olishda adashmaslik kerak.

Vengriya terma jamoasi ustozi - Marko Rossini Yevropa chempionatiga qadar hech kim tanimas edi. Ushbu mutaxassis kamtarin jamoasi bilan qit’a birinchiligida o‘z nomini butun dunyoga yoydi. Bizga ham yuqorida aytilganidek o‘z nomi bilan keladigan emas, o‘z nomini terma jamoamiz bilan barchaga tanita oladigan murabbiy kerak. 30 yil davomida nishonga ura olmaganimizdan to‘g‘ri xulosa chiqariladi, degan umiddaman. O‘FA tanlovi futbolimizning yaqin 5 yildagi natijalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Agar katta o‘zgarishlarga qo‘l urmasak, navbatdagi mundialga beriladigan 8 ta yo‘llanmaning birortasiga egalik qila olmaymiz.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoamizga qanday murabbiy kerak?!