00:13 / 24.08.2021
4 528

Ja’far Irismetov: "Katanes xafa..."

Ja’far Irismetov: "Katanes xafa..."
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlanishi kutilayotgan Srechko Katanes haqida ko‘pchilik o‘z munosabatini bildiryapti.

O‘z vaqtida bosh jamoamiz sharafini himoya qilgan va bugungi kunda “Paxtakor” klubida sport direktori sifatida faoliyat olib borayotgan Ja’far Irismetov ham Sports.uz muxbiri bilan suhbatda Katanes bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

- Srechko Katanes borasida qanday fikrdasiz? Biz bu orqali to‘g‘ri tanlovni amalga oshira oldikmi?
- Katanes bo‘yicha ko‘p ham ma’lumotga ega emasman. Adashmasam, bir yarim yil oldin safarga borganimda Iroq terma jamoasini boshqarishini bilgandim. Iroq terma jamoasini keyingi bosqichga olib chiqqani va guruhida birinchi o‘rinni egallagani esimda edi, jamoasi yaxshi o‘yin ko‘rsatgan. Lekin shaxsan bu murabbiyni yaqindan bilmayman. Srechkoni tanlagan insonlar u haqda ko‘proq biladilar deb o‘ylayman. Katanes bizning futbolga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi? Masalan, Ektor Kuperni olib kelganimizda xato qilganimizni bilganmiz. Chunki u murabbiy futbolimizga to‘g‘ri kelmasdi. Murabbiyni tanlashda o‘zbek futboliga mos kelishiga ham e’tibor qaratish kerak. Negaki, bizni jamoamiz ko‘proq hujumkor futbol xohlaydi. Kuper esa qarshi hujumda o‘ynardi. Katanes terma jamoamizda qanday ishlashini vaqt ko‘rsatadi.

- Ko‘pchilikning fikriga qaraganda, Kuper bilan Katanetsning o‘yin uslubi bir-biridan katta farq qilmasa kerak. Srechko Toshkentga kelgan ilk kunidayoq intervyu berib, futbolda natija muhim ekani haqida aytgandi. U ham avvalo o‘yinni himoyadan boshlasa kerak. Bu borada Kuper bilan Katanes bir xil emasmi?
- Menimcha, bir xil emas. Srechko Katanes qarshi hujum degan bo‘lishi mumkin. Kuper haddan ortiq himoyadan o‘ynardi. Katanes Iroq terma jamoasini boshqarganida uning o‘yinini ko‘rganman va u qadar himoyaviy futbol emasdi. Shuning uchun yangi murabbiy chuqur himoyaga asoslangan o‘yinni tashkillashtirmasa kerak, deb o‘ylayman. Ayniqsa, bizning futbolchilarimizdan kelib chiqqan holda himoyaviy o‘yin o‘ynamaydi.

- Bilishimizcha, O‘FA rahbariyatida bosh murabbiy lavozimi uchun kengaytirilgan ro‘yxat bo‘lgan. Masalan, Keyrushga ham aloqaga chiqishgani ma’lum bo‘ldi. O‘zingiz terma jamoamizda qaysi mutaxassisni kutgandingiz?
- Men eshitganlar orasida har xil nomzodlar bo‘ldi. O‘ylashimcha, Shota Arveladzening nomzodi yaxshiroqmidi, yana bilmadim. U bilan birga ishlaganim uchun yaqindan bilardim. Arveladze o‘zbek futboli va mentalitetimizdan yaxshi xabardor. Nomzodlar orasida Arveladze ham bor edi. Katanes tanlandi, endi biror nima deyish qiyin. Keyingi besh yilda shu murabbiy bilan ishlaymiz. Menimcha, endi ushbu mutaxassis haqida o‘ylashimiz kerak. Kimnidir munosib yoki munosib emasdi, deb aytish qiyin.

- Bosh murabbiy tanlangani bilan hammasi faqat uning o‘zigagina bog‘liq emas. Tangani orqa tomoni ham bor. Terma jamoa va futbolimizga bo‘lgan e’tiborni yanada yaxshilash, kamchiliklarni bartaraf etish kabi masalalar ham asosiy o‘ringa chiqadi. Terma jamoamizdagi asosiy kamchiliklar qanday va Katanetsga yaxshi bo‘lishi uchun nimalarni o‘zgartirish lozim?
- Faqat kamchiliklar haqida gapiradigan bo‘lsak, juda ko‘p. Katanes bilan “Paxtakor” – “Turon” o‘yinida uchrashib, gaplashdik. U maydonlarimizning holatidan juda ham xafa. Menimcha, ko‘rib shokda bo‘ldi. Maydonlar sifati yaxshi emas dedi. Sharoitni yaxshilashimiz va chempionatimizni kuchaytirishimiz lozim. Superliga qanchalik kuchli bo‘lsa, terma jamoaga shuncha foydasi bo‘ladi. Yaxshi saviyadagi o‘yinchilarimiz ko‘p. Arveladze ketganidan keyin maydonlar yaxshi holatda emas. Maydonda futbolchilar o‘ynaydi. Agar uning sifati yaxshi bo‘lmasa, hech nima qiziq bo‘lmay qoladi. Futbol o‘ynash o‘rniga maydon bilan kurashish bo‘ladi. Jahon chempionatiga chiqishni xohlasak, barcha kamchiliklarni bartaraf etishimiz kerak. Aybni faqatgina futbolchilarga ag‘darish ham noto‘g‘ri. Sharoitlarga ham qarash kerak.

- Arveladzening terma jamoaga kelishini kutganmidingiz?
- Biror narsa deyishim qiyin. Chunki men qanday holat bo‘lganini bilmayman. Hozirgi vaziyatga kelib u hech qaysi jamoani qabul qilib olgani yo‘q. O‘ylashimcha, Shota Arveladze bemalol terma jamoani qabul qilgan bo‘lardi. Oldingi yillarda o‘zi bilan terma jamoa haqida gaplashganimda agar ishonch bildirishsa, bosh jamoani boshqarishga tayyorligini bildirgandi. U yog‘i nima bo‘lganini bilmayman.

- Terma jamoamizga chetdan ham, o‘zimizdan ham murabbiyni qo‘yyapmiz, biroq nimadir yetishmayapti. Masalan, Kuperga baribir oxirigacha imkon taqdim etilmadi. Keyin Abramov. U bilan nima bo‘lganini endi hamma biladi. Fikringizcha, xorijlik mutaxassisni terma jamoamizda ishlashining ijobiy va salbiy tomonlari qanday?
- Har qanday holatda ham terma jamoa murabbiyi klubga bog‘liq bo‘lmasligi kerak. Qaysidir klub ustozi terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlansa, baribir o‘z jamoasidagi o‘yinchilarga ko‘proq tayanadi, hatto u klubidan ketgan taqdirda ham. Shu bois terma jamoada betaraf mutaxassis bo‘lgani ham yaxshi. Xorijlik murabbiy palonchi yoki pistonchi futbolchini olibdi, degan gap-so‘zlardan qutuladi. U vaziyatga real ko‘z bilan qaraydi va shunga asosan o‘yinchilarni tanlaydi. Albatta, chetdan kelgan mutaxassis mentalitetimizni o‘rganishi kerak bo‘ladi. Futbolchilarimizning xarakteri qanaqa, imkoniyatlari...shularni o‘rganish uchun ham vaqt ketadi. Biz buni o‘zimizda ham xorijlik murabbiylar bilan ishlash orqali bilyapmiz. Kuperga kam vaqt berildi deb aytilyapti-ku. Balki rostdan unga kam vaqt berilgandir.

Vadim Abramovni ikkinchi marta bosh murabbiylikka qo‘yishdi. Kimgadir ishonch bildirildimi, unga ishonish kerak. Shubhalanish yaxshi emas. Katanetsga ishonch bildirildimi, endi barchamiz unga ishonishimiz, yordam berishimiz kerak. Masalan, “Paxtakor” klubi barcha yoshdagi terma jamoalarimizga yordam berib keladi. Katanetsga ham yordamlashamiz. Terma jamoamiz yutsa, jahon chempionatiga chiqsa hammamizga yaxshi-ku! Rahbariyat tomonidan futbolni rivojlantirish uchun ancha ishlar qilinyapti. Lekin mavjud kamchiliklarni ham bartaraf qilish lozim. Chetdan Mourino yoki Gvardiolani olib kelganimizda ham natija bo‘lmasligi mumkin. Chunki hal qilinmagan boshqa muammolar ham bor. Chetdan mutaxassis kelgani, bo‘ldi, biz mundialga chiqdik, degani emas.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ja’far Irismetov: "Katanes xafa..."