18:29 / 23.09.2021
1 856

“Spartak” sobiq bosh direktori “soqqa qilish” uchun O‘runovdan foydalangan ekan!

“Spartak” sobiq bosh direktori “soqqa qilish” uchun O‘runovdan foydalangan ekan!
Oston O‘runovni Rossiya futboliga olib kirgan, “Spartak”da bosh direktori bo‘lganida hamyurtimizni ushbu klubga o‘tkazgan va “Ufa”ga qaytargan Shamil Gazizovning antiqa ishlari oshkor bo‘lmoqda.

“Spartak”dagi faoliyati yarim yil ham davom etmagan Shamil Gazizov anchadan beri klub va uning xo‘jayini Leonid Fedun bilan sudlashmoqda. Asosiy muammo – pul. Gazizov uning haqini berishmaganidan shikoyat qilyapti, Fedun esa bu mutaxassis uni aldaganini ta’kidlayapti.

Pul talashish masalasiga chuqur kirmasdan, ayrim ma’lumotlarni keltiramiz va asosiy e’tiborni Oston O‘runov atrofidagi vaziyatga qaratamiz.

Sudda “Spartak” prezidenti Leonid Fedun Shamil Gazizov bilan tuzilgan qo‘shimcha shartnoma bo‘yicha uni chalg‘itishganini ta’kidladi. Fedun bu shartnomani klubning kadrlar xizmati tayyorlaganiga va u barcha qonun-qoidalarga to‘g‘ri kelishiga ishongan va uni imzolagan.

Shundan so‘ng, klub katta xarajatlar qilishiga to‘g‘ri kelgan. “Spartak” vakillari sudga Gazizovning xavfsizligi uchun uch yarim million rubldan ko‘p mablag‘ sarflanganini ta’kidlamoqda.

Bundan tashqari, Gazizov klubdan oyiga olti yarim million rubldan ortiq pul topgan. Shartnoma bo‘yicha har yili 30 million rublni mukofot tariqasida olishi rejalashtirilgan. Sud fikriga ko‘ra, ish shu taqlid davom etganida Gazizov “Spartak”dan shartnoma bo‘yicha 500 million rubldan ortiq mablag‘ olardi.

Bu masalalar o‘z yo‘liga. Biroq, Oston O‘runovning transferida ham shartnomaga g‘alati bandlar kiritilgani oshkor bo‘ldi. Ular na klub, na o‘yinchi foydasiga, balki ko‘proq Gazizovning manfaatiga xizmat qiladi.

Unga ko‘ra, Oston O‘runov keyinchalik “Spartak”dan boshqa klubga million yevrodan qimmatga transfer qilinsa, bu summaning 50 foizi Shamil Gazizovga o‘tkazilishi belgilangan.

Eng qizig‘i, Oston O‘runov uchun 6 million yevro va undan balandroq summa taklif qilinsa, “Spartak” bu transferga ko‘nsa yoki rad etsa ham, Gazizovga shartnoma bo‘yicha taklif etilgan summaning 50 foizini to‘lashi kerakligi ko‘rsatilgan.

Bu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Shamil Gazizov Oston O‘runovdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalangan bo‘lishi mumkin. Chunki, hamyurtimiz debyut mavsumida “Ufa”da zo‘r o‘ynaganidan keyin unga Rossiya premer-ligasining deyarli barcha yetakchilaridan taklif kelib tushdi.

2020 yilning yozida Shamil Gazizov “Ufa” bosh direktorligidan “Spartak”dagi shu lavozimga o‘tkazilgani Oston O‘runovning taqdirini shu klub bilan bog‘lanishiga sabab bo‘ldi. Shamil Gazizov boshqa klublar “Spartak”dan ko‘ra ko‘proq summa taklif qilganiga qaramay, O‘runovni bir million yevro atrofidagi mablag‘ evaziga “qizil-oq”larga safiga olib o‘tdi.

To‘g‘risi, mamlakatimizning eng iste’dodli futbolchilaridan hisoblangan Oston O‘runov uchun bu achchiq tajriba bo‘ldi. Asosan aniq taktik sxemalar va talablar asosida o‘yin quradigan “Spartak” murabbiylar shtabi kreativ futbolchi sifatida erkin harakat qiladigan legionerimizga yetarlicha imkoniyat bermadi. Keyinchalik futbolchining ko‘p jarohatga yo‘liqqani ham uning zaxiraga mixlanishiga sabab bo‘ldi.

Ayni paytda “Ufa” Oston O‘runovni keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga olgan. Biroq, legionerimiz bu jamoa safida ham kutilgan o‘yinni namoyish eta olmayarti. Keyingi paytda O‘runov uchrashuvlar qaydnomasiga kiritilmagan holatlar ham ko‘p uchramoqda. Biz O‘runovga tezroq o‘z o‘yinini topib olishini tilaymiz!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Spartak” sobiq bosh direktori “soqqa qilish” uchun O‘runovdan foydalangan ekan!