10:36 / 24.09.2021
4 840

Shomurodovga ogohlik qo‘ng‘irog‘i...

Shomurodovga ogohlik qo‘ng‘irog‘i...
Joze Mourino boshqaruvidagi “Roma” Italiya grandlari qatoriga qaytishga intilyapti. “Bo‘rilar” hozircha buni uddalamoqda.
Rim klubi futbolchilari portugaliyalik murabbiy qo‘l ostida A Seriya va UYEFA Konferensiyalar ligasidagi jami sakkizta uchrashuvdan yettitasida zafar quchdi va kutilmaganda “Verona”ga yutqazib qo‘ydi.

Joze Mourino aynan o‘sha uchrashuvda Eldor Shomurodovni A Seriyada ilk marotaba boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirgan edi. Ungacha legionerimiz faqat ikkinchi bo‘limning oxirlarida o‘yinga qo‘shilib, kam o‘ynasa ham bir necha bor golli vaziyatlarda bevosita ishtirok etib kelayotgandi.

“Verona”ga qarshi uchrashuvda Eldor Shomurodov birorta samarali harakatni amalga oshira olmadi, ya’ni jamoasining gollarida ishtirok etgani yo‘q. Buni Joze Mourino ham beshinchi tur uchrashuvida “Udineze”ga qarshi tarkib tanlashda inobatga olishni unutmadi.

Rimliklar uchun ushbu muhim to‘qnashuvda Shomurodov zaxirada qoldirildi. “Olimpiko” arenasidagi o‘yin mezbonlar ustunligida o‘tdi. “Udineze” jiddiy qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, rimliklarning eng qimmatbaho futbolchisi Temmi Abraxam 36-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi.

Rikkardo Kalafori yordamida kiritilgan gol keyinchalik yagonaligicha qoldi va “Roma”ga qimmatli uch ochkoni keltirdi.

Joze Mourino bu bahsda o‘zbekistonlik futbolchini 86-daqiqada uchrashuv qahramoni Temmi Abraxam o‘rniga tushirdi. Tabiiyki, avvalgi uchrashuvda 66 daqiqa to‘p tepib, o‘zini ko‘rsata olmagan hamyurtimiz bu gal besh daqiqada biron nimani uddalashi ancha murakkab edi.

Shu o‘rinda, e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan bir jihat bor. Shomurodov “Roma”ga o‘tganidan keyin o‘rtoqlik uchrashuvlarida va ilk rasmiy uchrashuvida gol urib, jamoaning asosiy hujumchisi maqomiga ko‘tarilgandi. Keyinchalik rimliklar o‘z tarixida eng qimmat futbolchi – Temmi Abraxamni sotib oldi. Joze Mourino Angliyada futbolida suyagi qotgan “Chelsi” tarbiyalanuvchisini so‘zsiz asosiy tarkibning muqim hujumchisi qilib belgiladi va Shomurodov o‘z o‘zidan uning o‘rinbosariga aylandi.

Temmi Abraxamga e’tiroz yo‘q. “Roma”da muhim gollarni uryapti. Lekin keyingi paytda Shomurodov angliyalik hujumchiga o‘rinbosarlik mavqeini ham boy berayotgandek ko‘rinmoqda. Chunki, Joze Mourino so‘nggi o‘yinlarda yana bir hujumchi Stefan El-Shaaraviga Eldorga qaraganda ko‘proq imkoniyat va o‘yin vaqti taqdim qilmoqda. Qolaversa, “Real”dan kelgan Borxa Mayoral ham o‘z vaqtini kutyapti va Joze unga ham o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat berishi shubhasiz.

To‘g‘risi, Shomurodov markaziy hujumchi pozitsiyasidan tashqari, hujum tashkil qilish, golli pas uzatish, to‘p uchun kurash, himoyaga yordam berish kabi ko‘plab vazifalarni Abraxam va El-Shaaravidan yaxshiroq uddalayapti. Biroq, hujumchining asosiy vazifasi gol urish va aynan shu borada Eldor raqobatchilaridan ortda qolmoqda.

Grand klublarda bosim kuchli bo‘ladi. Raqobat ham. Shomurodovga muxlislik qilayotganlar uning boshlang‘ich tarkibdan uzoqlashib qolishidan xavotirda. Bir so‘z bilan aytganda, Shomurodov har gal bo‘lmasa ham, vaqti-vaqti bilan gol urib turishi shart. Uning Rimdagi golsiz seriyasi esa yettita uchrashuvga yetdi. Bu ketishda futbolchimiz zaxirada uzoq qolib ketishi mumkin.

“Roma” qiyin g‘alabadan keyin ochkolari sonini 12 taga yetkazib, to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Mourino shogirdlari beshta uchrashuvni ham o‘z foydasiga hal qilgan peshqadam “Napoli”dan uch, kuchli uchlikdagi “Inter” va “Milan”dan bir ochkoga ortda qolmoqda.

Eldor Shomurodov jamoasi uchun keyingi bahs Rim derbisi bo‘ladi. 26 sentabrga belgilangan uchrashuvda “Roma” futbolchilari “Latsio” mehmoni bo‘ladi. Bo‘lajak bellashuvlarda hamyurtimiz o‘zini ko‘rsata olishiga umid qilib qolamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovga ogohlik qo‘ng‘irog‘i...