10:45 / 29.10.2021
1 870

"Nasaf" OFK Kubogidagi tarixiy g‘alabani qanday qo‘lga kiritgandi?

"Nasaf" OFK Kubogidagi tarixiy g‘alabani qanday qo‘lga kiritgandi?
Bugun 29 oktabr! Bundan roppa-rosa 10 yil muqaddam - 2011 yilning 29 oktabr kuni Qarshining “Nasaf” jamoasi o‘z maydonida OFK Kubogi finalida “Quvayt SK” klubini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Bu orqali o‘zbek futboli tarixida yangi sahifa yozgan. Ahamiyatlisi, oradan 10 yil o‘tib, “Nasaf” yana OFK Kubogini ikkinchi marotaba boshi uzra ko‘tarish imkoniga ega bo‘lib turibdi. Xabaringiz bor, qarshiliklar 5 noyabr kuni Bahraynda final o‘yinida maydonga tushishadi.

Bugun esa 10 yil oldingi finalni yodga olmoqchimiz. Albatta, o‘sha tarixni “Nasaf” yana takrorlayotgani quvonarli. Osiyo sahnalarida o‘zbek klublarining muvaffaqiyat qozonishi barchamiz uchun muhim. Bu borada “Nasaf”ning dovrug‘i yana yoyilmoqda.

Shuni aytish lozimki, jamoa 2011 yili har tomonlama kuchli va yaxshi shakllangandi. O‘sha yili chempionatda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Ukrainalik taniqli bosh murabbiy Anatoliy Demyanenko raqobatbardosh jamoani shakllantirgan. OFK Kubogidagi g‘alaba esa uning murabbiylik faoliyatida ham xalqaro musobaqadagi muvaffaqiyat sifatida butun umrga saqlanib qoldi.

O‘sha paytda O‘zbekiston futbol federatsiyasining prezidenti marhum Mirabror Usmonov ham “Nasaf”ni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan. Finalga u kishi bilan birga OFKning o‘sha mahaldagi vaqtincha prezidenti sifatida ishlagan Jang Jilong ham Qarshiga kelgandi. Umuman, butun Osiyoning e’tibori Qarshiga qaratilgandi. O‘sha yili “Nasaf” OFK Kubogida g‘olib chiqish uchun 12 ta o‘yin o‘tkazgandi. Xo‘sh, “Nasaf” finalgacha qanday yo‘lni bosib o‘tgan?

“A” guruh bosqichi:

1-tur
. “Nasaf” – “Al-Ansor” (Livan) – 3:0. (Gollar: Ivan Boshkovich, Andrey Pereplyotkins, Nosir Otaqo‘ziyev).
2-tur. “Al-Tilol” (Yaman) – “Nasaf” – 2:3 (Gollar: Lutfulla To‘rayev, Maqsud Karimov, Artur Gevokryan)
3-tur. “Dempo” (Hindiston) – “Nasaf” – 0:4 (Gollar: Ilhom Yunusov, Lutfulla To‘rayev, Shuhrat Mirxoldirshayev, Andrey Pereplyotkins).
4-tur. “Nasaf” – “Dempo” – 9:0 (Gollar: Ivan Boshkovich (4 ta). Andrey Pereplyotkins, Ilhom Shomurodov, Artur Gevorkyan (2 ta), Shuhrat Mirxoldirshayev).
5-tur. “Al-Ansor” – “Nasaf” – 1:4 (Gollar: Ivan Boshkovich, Nosir Otaqo‘ziyev, Lutfulla To‘rayev, Mirzakamol Kamolov).
6-tur. “Nasaf” – “Al-Tilol” – 7:1 (Gollar: Ivan Boshkovich (2 ta), Artur Gevorkyan, Nosir Otaqo‘ziyev (3 ta), Ilhom Yunusov).

1\8 final
“Nasaf” – “Al-Faysali” (Iordaniya) – 2:1 (Gollar: Lutfulla To‘rayev, Ilhom Shomurodov).

1\4 final, dastlabki uchrashuv:
“Chonburi” (Tailand) – “Nasaf” – 0:1 (Gol: Ivan Boshkovich).

Javob uchrashuvi: “Nasaf” – “Chonburi” – 0:1. Penaltilar seriyasi: 4:3.

1\2 final, dastlabki uchrashuv:
“Nasaf” – “Al-Vihdat” (Iordaniya) – 1:0 (Gol: Jahongir Jiyamurodov (pen).

Javob uchrashuvi: “Al-Vihdat” – “Nasaf” – 1:1 (Gol: Ivan Boshkovich).

Final.
“NASAF” – “Kuvayt SK” - 2:1 (0:0)

2011 yil, 29 oktabr. Qarshi. "Markaziy" stadion. 15753 tomoshabin.

Hakamlar: Kim Don Jin, Jeon Xayi San, Li Jun Min (Janubiy Koreya).
Uchrashuv komissari: Abdul G‘afur Hamid (Maldiv orollari).

"Nasaf": Murodjon Zuhurov, Botir Qorayev, Boyan Malishich, Maqsud Karimov, Jahongir Jiyamurodov, Lutfulla To‘rayev, Erkin Boydullayev, Andrey Pereplyotkins, Artur Gevorkyan, Ilhom Shomurodov (Fozil Musayev, 84), Ivan Boshkovich (Artyom Filiposyan, 90+4).
"Quvayt SK": Xolid Fadhli, Yoqub Tohir, Fahad Avad, Rafat Jobir, Husayn Shammari (Ali Alkandari, 81), Lassana Fane, Rojerio, Ahmad Saboh (Abdulloh Buraiki, 61), Nosir Al Qahtoni, Xolid Shammari, Landri Kabi.
Gollar: Ilhom Shomurodov, 62 - 1:0. Andrey Pereplyotkins, 64 - 2:0. Landri Kabi, 69 - 2:1.

Darvoqe, “Nasaf”ning OFK Kubogidagi g‘alabasi uchun 18 nafar futbolchilarga “Spark”, bosh murabbiyga esa “Epika” mashinasi sovg‘a qilingan. Jamoaning qolgan a’zolariga esa yaxshigina pul mukofotlari ham berilgan.

5 noyabr kuni Manama shahrida o‘tadigan OFK Kubogi finalida ham “Nasaf” ikkinchi marotaba musobaqa bosh sovrinini qo‘lga kiritish imkoniyatidan unumli foydalana oladi, degan umiddamiz. Zero, taqdir taqozosi bilan klub oradan 10 yil o‘tib shunday imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. Buni qo‘ldan chiqarib yubormaslik kerak!

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" OFK Kubogidagi tarixiy g‘alabani qanday qo‘lga kiritgandi?