01:07 / 19.02.2022
1 448

"Shomurodov boshqa klubga ketsa, 100 foiz o‘ynaydi, deb kim kafolat beradi?"

"Shomurodov boshqa klubga ketsa, 100 foiz o‘ynaydi, deb kim kafolat beradi?"
Hamyurtimiz Eldor Shomurodovning “Roma”dagi hayoti va faoliyatini hamma vaqt sinchkovlik bilan kuzatib kelyapmiz. Uning Rim klubidagi har bir holati haqida batafsil ma’lumotlar berib borilyapti. Albatta, futbolchimizning zaxirada qolayotgani, asosiy tarkibga kira olmayotgani biz uchun yoqimli emas. Chunki har bir futbolchini ham o‘ynagisi keladi.

Eldorning “Roma”da asosiy tarkibdan joy olishi qiyin kechayotganidan kelib chiqib, uni boshqa klubga ketishi haqida gapirayotganlar ham bor. Gap O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchisi haqida borar ekan, barchamiz bunga e’tiborli bo‘lishimiz lozim.

Ayni paytda O‘FAda terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan Usmon Toshev Eldorning Mourino jamoasidagi faoliyati borasida o‘z qarashlarini bildirdi.

“Bir narsani tushunishimiz kerak, Eldor qayerdan qayerga ketdi?”
- Bu haqida biz juda ko‘p gapiramiz, - deya gap boshladi, Usmon Qudratovich. - Chunki bu holat mening ishimga, bizning bo‘limga taalluqli. Nega deganda men terma jamoalar bo‘limida ishlayman. Eldor esa milliy terma jamoa o‘yinchisi. Shomurodov masalasida tushuntirishga harakat qilaman. Zero, ko‘pchilik nima uchun o‘ynamayapti, nega zaxirada o‘tiribdi, boshqa jamoaga o‘tadimi, degan savollarni berishyapti. Aslida bu normal holat. “Roma” tarkibini ko‘rsangiz, yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Shomurodovning o‘ynaydigan pozitsiyasiga qarasangiz super futbolchilar to‘p suryapti. Aslida Eldorning “Roma”dek klubda bo‘lishining o‘zi biz uchun katta natija. U jamoasining 18 talik ro‘yxatiga kiryaptimi, bunisi undan ham yaxshi vaziyat. Zaxiradan bo‘lsa ham maydonga tushayotganining o‘zi katta gap. Bu futbol ichidagi hayot. Asosiysi, o‘sha klubda shug‘ullanyapti, tarbiyalanyapti va o‘ynayapti. Shomurodov kuchli murabbiy va yaxshi o‘yinchilar bilan birga.

Uning uchun hammasi joyida. Biz bir narsani tushunishimiz kerakki, Eldor qayerdan qayerga ketdi? “Mash’al”dan, “Paxtakor”dan yoki “Bunyodkor”dan o‘sha yergacha yo‘l bosib o‘tish bu orzu edi. Endi esa biz nimaga qo‘ymayapti, deb talab qilyapmiz. “Roma”ga kelayotgan o‘yinchilar Fransiya, Germaniya, Angliya va yana boshqa terma jamoalarning a’zolaridir hamda ularning orasida bizning Shomurodov ham o‘ynayapti. Barchasiga sabr va mehnat kerak. Terma jamoada u bilan yaqindan tanishdik. Harakatini, ishga bo‘lgan e’tiborini ko‘rdim.

Mehmonxonada ham gaplashgandik, ikki qo‘li ko‘ksida, juda odobli, tarbiyasi bor. Eldor ko‘pchilikdan ajralib turadi. O‘ylaymanki, u yanada yaxshi o‘ynab ketadi. Zaxirada qolayotgani vahima emas. Beyl, Ozil kabi futbolchilarni eslang. Ular ham o‘z klubida zaxirada qolishgan. Albatta, bunday vaziyat hech kimga yoqmaydi, hamma o‘ynashni xohlaydi. 11 talik tarkibga kirish istagida bo‘lishadi. Ammo bunday jamoalarda 11 talikka munosib bo‘lgan 22 nafar futbolchisiga ega. Xohlasa-xohlamasa ham maydonda 11 nafari o‘ynasa, 11 tasi zaxirada qoladi. Eldorning “Roma”da tarbiyalanayotgani biz uchun super.

“Mourinoning e’tiboriga tushganining o‘zi katta gap”
- Mourino bilan Shomurodovning bog‘liqligi juda ajoyib. Agar Eldor kerak bo‘lmaganida, uning jihatlari va harakatlari yoqmaganida hech kimga quloq solmasdan futbolchimizni jamoasiga olmasdi. Joze – bu top-murabbiylardan biri. Jahonda 5-6 ta eng kuchli murabbiylar bo‘lsa, o‘shalardan biri. Mana shunday mutaxassisning e’tiboriga tushganining o‘zi katta gap. Lekin biz bu murabbiyni matbuot orqali bilamizki, ancha “shovqin”li murabbiy. Birdaniga o‘z gapi bilan “portlatib” yuborishi mumkin, keyin esa boshqacha aytishi mumkin, xarakteri shunaqa odam. Lekin murabbiy sifatida baribir yuqori saviyada. Shomurodov uchun katta jamoada to‘p surish nihoyatda foydali. Mourino qo‘li ostida bizning o‘yinchimiz albatta o‘syapti. Aytyapman-ku, Joze top-murabbiy. Biz ham ish yuzasidan mana shunday mutaxassislarning ishini o‘zimiz uchun tatbiq qilamiz.

“Eldor sabr qilib ishlashi kerak”
- Ko‘pchilik ketishi kerak, deyapti-a? Qarang, qayerga ketadi? Masalan, “Bavariya”gami yoki “Manchester Yunayted”gami? Kim kafolat beradi, boshqa klubda borganda 100 foiz o‘ynaydi deb?! Bunday jihatlar futbolchining o‘zidan, muhitdan, mentalitetdan kelib chiqadi. O‘sha joyni o‘rganishi va bilishi ham kerak bo‘ladi. Oson ish emas. Bitta odam bilan til topishish ham yengil emas. U yerlarda esa 20 ta top-o‘yinchilar, hammasi millionerlar! Ular siz bilan gaplashadimi, yurish-turishi qanaqa...Hayotdagi vaziyatlarni doim ham almashtiravermaymiz. Shuning uchun Eldor sabr qilib ishlashi kerak.

“Abraxam gollar uryapti, demak hozir u kuchli”
- Abraxam o‘ynayapti va gol uryapti. Demak, u hozir kuchli. Futbolda shunday bo‘ladiki, omad kelsa ketma-ket gollar urasiz. Ayrim paytlarda esa nimadir ta’sir qiladi va gol ura olmay qolasiz. O‘rniga boshqasi tushadi va u gol urib ketadi, siz esa qolib ketasiz. Menimcha, Shomurodov ikkinchi raqamli hujumchi bo‘lsa, ozgina kutishi, mehnat qilishi va xulosa chiqarishi kerak. Vaziyat bo‘ldi deguncha gol urib Abraxamning joyini olishi darkor. Bu raqobat va juda yaxshi. Raqobatda hamma o‘sadi. Qolaversa, raqobat kuchli bo‘lsa, natija ham o‘sadi. O‘ylaymanki, “Roma”dagi muhit ajoyib. U yerda hammasi bir-biri bilan do‘st. Hozir kim kuchli bo‘lsa, o‘sha o‘ynayapti. Men yana xohlardimki, o‘zbek futbolchilaridan bir nechtasi Yevropaning kuchli chempionatlarida to‘p surishsin. Sabr, mehnat va kutish kerak. Hammasi bo‘ladi. Bunga Shomurodov misol.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Shomurodov boshqa klubga ketsa, 100 foiz o‘ynaydi, deb kim kafolat beradi?"