27 fevral kuni Yaypandagi “O‘zbekiston” stadionida O‘zbekiston Superkubogi o‘tkaziladi. Hammaning xabari bor, maydonda “Paxtakor” bilan “Nasaf” futbolchilari jang olib borishadi.
Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilgi mavsumni ham aynan ikkala klub yakunlab berishgandi. O‘shanda Samarqanddagi “Dinamo” stadionida O‘zbekiston Kubogi finalida bellashishgan bo‘lib, qarshiliklar irodali tarzda yutib ketishgandi. Bu safar ham “Paxtakor” – “Nasaf” o‘yini orqali yangi futbol mavsumi boshlanadi. Har safar bu klublar ishtirokidagi bahsga e’tibor va qiziqish katta bo‘ladi. Chunki ushbu jamoalar bir-biriga jiddiy raqib sanaladi. Mag‘lubiyatni juda og‘ir qabul qilishadi. Darvoqe, o‘tgan yilgi mavsum avvalida ham ushbu klublar Superkubok uchun maydonga tushishgan va unda “Paxtakor”ning qo‘li baland kelgandi.
O‘rtaga Kubok tikilgan uchrashuvlarda futbolchilardagi ishtiyoq hamda shijoat har qachongidan baland bo‘ladi. Qolaversa, murabbiylar uchun ham alohida ahamiyatga ega. Ayniqsa, “Paxtakor”ning yangi bosh murabbiyi Slavche Voyneski bir urinishdayoq titul yutish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Buning uchun u qarshisida turgan O‘zbekistonning 5 karra eng yaxshi murabbiyi – Ro‘ziqul Berdiyev to‘sig‘idan o‘tishi talab etiladi. Ushbu muhim o‘yin oldidan yurtimizdagi tajribali mutaxassislardan biri – Dilshod Nuraliyev jamoalarning imkoniyatini baholadi.
“Agar stadion muxlislar bilan liq to‘lsa, o‘yin yanada qiziqarli o‘tadi”
- Bu o‘yin juda qiziq o‘tadi. Nega deganda, maydonda chempion hamda Kubok egasi o‘ynaydi. “Nasaf” jamoasi o‘tgan yilgi tarkibini deyarli saqlab qoldi. “Paxtakor”ga kelsak, tarkibida yaxshigina o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu safar ularning tarkibi bir muncha yoshartirildi. Shunga qaramay, Yaypanda juda yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Paxtakor” baribir shakllangan jamoa. Klub akademiyasidan iste’dodli yoshlar qo‘shilishgan. Nima bo‘lganda ham bu jamoaning o‘yin chizmasi saqlanib qolgan. Menimcha, bu tomoshabop bellashuv bo‘ladi. Agar stadion muxlislar bilan liq to‘ladigan bo‘lsak, o‘yin bundan ham keskin va qiziqarli o‘tadi.
“Menimcha, hammasi qo‘shimcha vaqtda hal bo‘ladi”
- Uchrashuvda kim g‘olib bo‘ladi? Menimcha, hammasi qo‘shimcha vaqtlarda hal bo‘ladi. Hozir mavsum boshi bo‘lgani sababli klublarning o‘yini hali shakllanib ulgurmagan. Albatta, “Paxtakor” bu safar yutishga bor kuchi bilan harakat qiladi. Chunki bu jamoalarning oxirgi O‘zbekiston Kubogi finalidagi bellashuvida “Nasaf” yutib ketgandi. Mening fikrim shunday: uchrashuvning asosiy vaqti durang bilan tugab, qo‘shimcha bo‘limlarda “Nasaf” g‘alaba qozonsa kerak.
“Nasaf”da tashabbus bor”
- Rostini aytadigan bo‘lsam, mazkur qarama-qarshilikda “Nasaf” jamoasini favorit deb hisoblayapman. Chunki yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘tgan yilgi tarkibni saqlab qolishgan. “Paxtakor”da bo‘lsa asosiy tarkibidan bir qator o‘yinchilari ketgan. O‘yini baribir hozircha 100 foizga shakllanmagan. Yangi kelgan futbolchilarning klubga kirishib ketishi va o‘yinchilar bilan o‘zaro bir-birlarini tushunib olishlari uchun vaqt kerak. Shu tomonlama “Nasaf”da tashabbus bor.
“Paxtakor” ham g‘alaba uchun kurashadi, lekin...”
- Albatta, “Paxtakor”ga yangi murabbiy kelgan. Uning ishini chempionatda ko‘ramiz. Hozir esa bir nima deb bo‘lmaydi. “Paxtakor”ning Toshkentdagi o‘rtoqlik uchrashuvlarini ko‘ra olmadik. Turkiyada ham nazorat bellashuvlarini tashkil qildi. Ammo ushbu bahslarini ham kuzata olganimiz yo‘q. Oxirgi o‘rtoqlik bellashuvida “Dinamo” Kiyev bilan 0:0 o‘ynadi. Shubhasiz, “Paxtakor” ham g‘alaba uchun kurashadi. Lekin, baribir mening fikrimcha, “Nasaf” bu o‘yinda g‘olib chiqadi.
“Bozorovning yo‘qligi jiddiy yo‘qotish, ammo o‘rnini to‘ldirishadi”
- Bunday muhim uchrashuvda mas’uliyat ikkala jamoadagi barcha 11 nafardan o‘yinchilarga tushadi. Darvozabondan tortib hujum chizig‘igacha hamma futbolchilarning o‘z vazifalari bo‘ladi. Ammo jamoa liderlari bunday paytda ko‘p narsani hal qilishsa ajab emas. “Paxtakor”da Dragan Cheran, “Nasaf”da Xusayn Norchayev va Marko Stanoyevich. Oybek Bozorov esa o‘ynamaydi. Uning uchrashuvda ishtirok etmasligi “Nasaf” uchun jiddiy yo‘qotish bo‘ladi. Shunga qaramay, bu jamoada iqtidorli o‘yinchilar ko‘p. Bozorovning o‘rnini to‘ldirishadi. Nazarimda, oldingi chiziqda o‘ynaydigan Norchayev bilan Stanoyevich zimmasiga jiddiy mas’uliyat tushadi. Ularga ko‘p narsa bog‘liq. To‘g‘ri, “Nasaf” seleksiyada ko‘p o‘yinchi olgani yo‘q. Negaki, o‘z akademiyasidan yaxshi yoshlar yetishib chiqyapti. Shu sababli nima keragi bor, ortiqcha pul ishlatishni?!
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi