date
views 268

Konimex cho‘llarida innovatsiya: O‘zbekistonda ilk bor sun’iy yomg‘ir yog‘dirildi

Konimex cho‘llarida innovatsiya: O‘zbekistonda ilk bor sun’iy yomg‘ir yog‘dirildi
O‘zbekistonda iqlim muammolariga qarshi kurashishda yangi texnologiyadan foydalanilmoqda. Navoiy viloyatining Konimex tumanida ilk marotaba yomg‘ir sun’iy ravishda yog‘dirish amaliyoti amalga oshirildi. Bu haqda Qozog‘istonning “Kazinform” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman hokimligi tashabbusi bilan atmosferadagi bulut hosil bo‘lish jarayonini rag‘batlantirish va yog‘ingarchilikni ko‘paytirish maqsadida maxsus zamonaviy uskunalar tumandagi yaylov hududlariga olib kelindi. Bu texnologiya atmosferaga ximik moddalar tarqatish orqali bulutlarning yomg‘ir hosil qilish qobiliyatini oshirishga qaratilgan.

Ushbu innovatsion loyiha Qozog‘istonning International Centre of Climate Change Technologies (ICCCT) kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tashkilot va mahalliy hokimiyat o‘rtasida imzolangan kelishuv asosida, Konimexdagi qurg‘oqchilikka moyil bo‘lgan cho‘l hududlarda yomg‘ir yog‘dirish tajribasi o‘tkazilmoqda.

Loyiha doirasida o‘rnatilgan uskunalar zamonaviy meteotahlil va modellash orqali ishlaydi. Havodagi namlik, harorat va shamol yo‘nalishi kabi ko‘rsatkichlar hisobga olinib, maxsus samolyot yoki qurilma yordamida bulutlarga ta’sir ko‘rsatiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur texnologiya AQSH, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda samarali qo‘llanmoqda. Endi esa O‘zbekistonda ham chorvachilikni rivojlantirish, yaylovlar holatini yaxshilash, eng muhimi, qurg‘oqchilikning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida ushbu tajriba keng miqyosda sinovdan o‘tkaziladi.

Konimex tumani hokimligi va iqlim texnologiyalari markazi vakillari loyiha doirasidagi ilk natijalardan mamnun ekanini ma’lum qilishgan. Agar tajriba muvaffaqiyatli yakun topsa, mazkur texnologiya Navoiy viloyatining boshqa hududlarida ham joriy qilinishi mumkin.

Shu tariqa, sun’iy yomg‘ir yog‘dirish – O‘zbekistonda tabiiy suv resurslari taqchilligini yumshatish, chorva va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi yangi qadam bo‘lmoqda. Yaqin yillarda bu kabi texnologiyalar keng miqyosda joriy etilib, mamlakatdagi iqlimga mos agrosanoat islohotlarining muhim qismiga aylanishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Konimex cho‘llarida innovatsiya: O‘zbekistonda ilk bor sun’iy yomg‘ir yog‘dirildi