Namanganda erini o‘ldirish uchun qotil yollagan ayol va uning jazmani 8,5 yilga qamaldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Namangan viloyatida erini o‘ldirish uchun qotil yollamoqchi bo‘lgan N.M. va uning jazmani X.T.
- 8 yil 6 oydan ozodlikdan mahrum qilindi.
- N.M. o‘z tanishi T.Q.ga erini o‘ldirish uchun odam topib berishni so‘rab, 6 ming dollar taklif qilgan, X.T. esa avans sifatida 1 ming dollar bergan.
- T.Q. ichki ishlar organlariga xabar berganidan so‘ng, M.B.ning o‘ldirilgani sahnalashtirilgan va N.M. hamda X.T. pul berayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Sudda N.M.
Namangan viloyatida erini o‘ldirish uchun yollanma qotil izlagan ayol va uning jazmani 8 yil 6 oydan ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud materiallariga ko‘ra, 1989 yilda tug‘ilgan N.M. 2011 yildan buyon M.B. bilan shar’iy nikoh asosida yashab kelgan. 2025 yil boshida u stomatologiya shifoxonasida 1992 yilda tug‘ilgan X.T. bilan tanishgan va keyinchalik ular yaqin munosabatda bo‘lgan. 2025 yil avgustida N.M.ning eri bu munosabatdan xabar topganidan so‘ng, er-xotin o‘rtasida kelishmovchiliklar boshlangan.
2026 yil fevralida N.M. tanishi T.Q.ga murojaat qilib, erini o‘ldirish uchun odam topib berishni so‘ragan. Buning uchun 6 ming dollar taklif qilingan. X.T. esa T.Q.ga avans sifatida 1 ming dollar bergan. Biroq T.Q. bu haqda ichki ishlar organlariga xabar qilgan va o‘ziga berilgan pul hamda N.M. bilan suhbat audioyozuvini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etgan. Shundan so‘ng tezkor tadbir tashkil etilgan.
2026 yil 4 mart kuni tezkor tadbir doirasida M.B. go‘yoki o‘ldirilgandek holat sahnalashtirilgan. Uning tanasida jarohatlar bordek ko‘rsatilgan foto va videolar tayyorlanib, N.M. hamda X.T.ga namoyish etilgan. Ular er haqiqatan ham o‘ldirilganiga ishongan.
Shundan so‘ng ayol va uning jazmani shartli qotilga kelishilgan 5,5 ming dollarni berayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.
Sud jarayonida N.M. erini o‘ldirish niyati bo‘lmaganini, aslida uni qattiqroq urib, qo‘rqitib qo‘yishni istaganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, eri uni muntazam urib-kaltaklagan. Biroq M.B. sudda bu ayblovlarni rad etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi N.M. va X.T.ni Jinoyat kodeksining 25, 28-moddalari hamda 97-moddasi 2-qismi “p” bandi bilan aybdor deb topgan. Ularning har biriga 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.






























Izohlar 0
…