So‘nggi yillarda sun’iy intellekt dunyo bo‘ylab eng ilg‘or va muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi. O‘zbekistonda ham bu sohadagi yutuqlar va tajribalar tobora ko‘payib, yangi mutaxassislar maydonga chiqmoqda. Shu munosabat bilan “Yuksalish” harakati va Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) mamlakatda SI sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan yetakchi shaxslardan iborat “TOP-30 sun’iy intellekt liderlari” ro‘yxatini tuzdi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, asosiy maqsad – sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni e’tirof etish, ularning ilmiy va amaliy yutuqlarini keng jamoatchilikka tanitish va yosh avlod uchun ilhom manbai yaratishdir.
Ro‘yxat alfavit tartibida shakllantirilib, unga tadbirkorlar, olimlar, startapchilar va davlat tashkilotlari vakillari kiritildi. Ular orasida “Numeo.AI” asoschisi Akmal Payziyev, “Mohirdev” platformasi rahbari Anvar Nazarullayev, “UzbekVoiceAI” startapi asoschisi Baxtiyor Xasanov, shuningdek, TIQXMMI professori va texnika fanlari doktori Dilnoz Muhammadiyeva kabi taniqli shaxslar bor. Shu bilan birga, Meta kompaniyasida SI tadqiqotlari bo‘yicha vitse-prezident sifatida faoliyat yuritayotgan Ruslan Salohiddinov ham mazkur ro‘yxatdan joy oldi.
Ayni paytda ro‘yxatga kirgan nomzodlar ikki bosqichli tanlov asosida saralangan. Birinchi bosqichda “Yuksalish” va AICA jamoasi ochiq manbalar — ommaviy axborot vositalari, ilmiy jurnallar, internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlardan olingan ma’lumotlar hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tavsiyalari orqali 50 dan ziyod nomzodlarni saraladi.
Ikkinchi bosqichda esa AICAning 1380 nafar rezidenti ishtirokida baholash jarayoni o‘tkazildi. Ular 8 ta asosiy mezon bo‘yicha har bir nomzodni baholashdi: amalga oshirilgan loyihalar ta’siri, xalqaro hamkorlik, investitsiya jalb qilish qobiliyati, milliy strategiyalardagi ishtiroki, yangi yondashuv va takliflar, ilmiy-ommaviy chiqishlar, ta’lim va ma’rifatga qo‘shgan hissasi hamda milliy va xalqaro e’tirofi.
“Yuksalish” tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, ro‘yxatda nafaqat amaliyotchi mutaxassislar, balki SI nazariyasi va ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ham bor. Masalan, Bunyodbek Ibrohimov sun’iy intellekt va kompyuter fanlari bo‘yicha xalqaro darajada ilmiy ishlarni olib borayotgan bo‘lsa, professor Dilnoz Muhammadiyeva tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda SI qo‘llanishiga bag‘ishlangan 20 dan ortiq ilmiy ish muallifi sifatida alohida e’tirof etilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur ro‘yxat nafaqat soha taraqqiyoti uchun yangi turtki, balki O‘zbekistonda SI sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar uchun ham ruhlantiruvchi manba bo‘lib xizmat qiladi. Uning yaratilishi, shuningdek, mamlakatning global raqamli jarayonlardagi ishtirokini yanada kuchaytiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!