DRAM xotira narxlari ikki barobar qimmatlashishi kutilmoqda

Jahon bozorida DRAM xotira chiplari narxining keskin oshishi kutilmoqda. Sanoat ekspertlarining prognozlariga ko'ra, 2026 yilning birinchi choragida xotira narxlari 100 foizdan ko'proqqa qimmatlashadi. Samsung, SK Hynix va Micron kabi yetakchi ishlab chiqaruvchilar ta'minotni cheklash orqali narxlarni sun'iy ravishda yuqori ushlab turishmoqda. Nanya Technology rahbari Li Pey Inning so'zlariga ko'ra, bu holat uzoq vaqt davom etadi va bozor 2028 yilning ikkinchi yarmigacha barqarorlashmaydi. Bu haqda rozetked.me xabar beradi.
Ushbu inqiroz sun'iy intellekt texnologiyalariga bo'lgan talabning keskin ortishi bilan bog'liq. Ishlab chiqaruvchilar endilikda an'anaviy yillik shartnomalardan voz kechib, mijozlarni qisqa muddatli, ya'ni choraklik yoki oylik kelishuvlarga o'tishga majbur qilmoqda. Bu esa texnologiya kompaniyalari uchun katta moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Vaziyatdan chiqish yo'lini izlayotgan Apple kompaniyasi allaqachon muqobil variantlarni ko'rib chiqmoqda. Xususan, gigant kompaniya Samsung va boshqa yirik yetkazib beruvchilarga qaramlikni kamaytirish maqsadida Xitoy ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini sinovdan o'tkazmoqda. Kelajakda iPhone 18 va yangi MacBook modellarida aynan shu muqobil chiplardan foydalanilishi mumkin. Mutaxassislar ushbu tanqislik texnologiya olamida yangi tartib o'rnatilishiga va narxlarning uzoq muddat yuqori darajada qolishiga sabab bo'lishini ta'kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!