Rossiya 90 nm chiplar dasturini yaratishga 943 mln rubl ajratdi

Rossiya Sanoat va savdo vazirligi fotoshablonlarni tayyorlash va ishlab chiqarish uchun mahalliy avtomatlashtirilgan loyihalash tizimining (SAPR) asosiy bo'g'ini bo'ladigan dasturiy majmuani ishlab chiqish bo'yicha tanlov e'lon qildi. Gap 90 nm va undan yuqori topologiyalar bilan ishlash uchun dasturiy ta'minot haqida bormoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Vazirlik ushbu loyihani ishlab chiqish uchun 943 mln rubl ajratdi. Tender 2026 yil 28-aprelda e'lon qilingan bo'lib, ishlarni 2028 yil 1-noyabrgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Yaratilayotgan yechim ma'lumotlarni yuklash, topologiyani vizual nazorat qilish, eskizlarni shakllantirish, fotoshablonlarni yig'ish kabi bir nechta asosiy modullarni o'z ichiga olishi kerak.
Ushbu loyiha mikrosxemalarni loyihalash sohasida import o'rnini bosish kursining mantiqiy davomi bo'ldi. 2022-yilgacha rossiyalik buyurtmachilar Cadence va Synopsys yechimlaridan faol foydalangan, biroq sanksiyalar joriy etilgach, ularni Rossiyaga yetkazib berish to'xtatilgan edi.
Shu fonda Sanoat va savdo vazirligi 2024-yilda mahalliy SAPRni 2030-yilgacha rivojlantirish bo'yicha "yo'l xaritasi"ni tasdiqlagan edi.
Rejaga ko'ra, 2030-yilga borib Rossiyada 100 ga yaqin turli SAPR platformalari paydo bo'lishi va ushbu dasturiy ta'minotning umumiy bozori sezilarli darajada o'sishi kerak. Shuningdek, yo'l xaritasida 2030-yilga kelib yanada yupqaroq texnologik jarayon — 28 nm uchun SAPR ishlab chiqish boshlanishi mumkinligi belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!