ASML bosh direktori Christophe Fouquet: Bizga raqobatchi yo‘q

Sun’iy intellekt (AI) texnologiyalaridan foydalanganda, siz bilvosita Niderlandiyaning 44 ming xodimga ega bo‘lgan va har yili 4,5 milliard yevro sarmoya kiritadigan 42 yillik ASML kompaniyasiga bog‘lanib qolasiz. ASML dunyodagi eng ilg‘or yarimo‘tkazgichlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan EUV (ekstremal ultrabinafsha litografiya) uskunalarini tayyorlaydigan yagona kompaniya hisoblanadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Avtobus kattaligidagi ushbu murakkab mashinalarning narxi 200 milliondan 400 million dollargacha yetadi. Microsoft, Meta, Amazon va Google kabi gigantlar AI infratuzilmasiga 600 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratayotgani sababli, ASML uskunalariga bo‘lgan talab keskin oshdi. Kompaniya bozor yaqin yillarda chip tanqisligini boshdan kechirishini ochiq tan olmoqda.
Bozordagi monopol mavqei ASMLni Yevropaning eng qimmat kompaniyasiga aylantirdi. Shunga qaramay, kompaniya raqobatchilar nishoniga aylangan. San-Fransiskodagi Substrate startapi raqobatbardosh litografiya mashinasini yaratishini da’vo qilib, 1 milliard dollardan ortiq baholandi. Shuningdek, Xitoyda ASML texnologiyalarini teskari muhandislik (reverse engineering) usuli bilan o‘zlashtirishga urinishlar kuzatilmoqda.
ASML bosh direktori Christophe Fouquet AI portlashini oldindan ko‘ra olmaganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AI nafaqat sanoat, balki ijtimoiy inqilobga aylanmoqda. Fouquet raqobatchilar haqidagi savollarga xotirjam javob berib, kompaniya o‘z ta’minot zanjirini kengaytirish ustida ishlayotganini, biroq yaqin 3-5 yil ichida chip yetishmovchiligi muammosi saqlanib qolishini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!