Kiberjinoyatchilar oflayn hamyonlardagi zaiflik orqali 130 million dollardan ortiq kriptovalyuta oʻgʻirladi

Coldcard oflayn apparat hamyonlaridagi zaiflikdan foydalangan xakerlar kamida 130 million dollarlik kriptovalyutani o'g'irladi. Block tadqiqotchilariga ko'ra, qurilmalarda seed-frazalarni yaratish jarayoni yetarlicha tasodifiy bo'lmagani sababli kiberjinoyatchilar ularni oldindan hisoblab, brute-force usulida topgan. Galaxy Research hujumlar ortida bir nechta mustaqil kiberguruh bo'lishi mumkinligini bildirgan, ularning shaxsi esa hozircha aniqlanmagan.
Mutaxassislar va blokcheyn xavfsizlik kompaniyalari maʼlumotiga koʻra, soʻnggi paytlarda eng xavfsiz hisoblangan oflayn apparat hamyonlaridan biridan ulkan miqdordagi kriptovalyutalarni oʻgʻirlash holatlari kuzatilmoqda. Coinkite kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Coldcard qurilmalaridagi mavjud xavfsizlik kamchiligidan foydalangan xakerlar kamida 130 million dollarlik raqamli aktivlarni oʻzlashtirib olishga muvaffaq boʻlishdi. Ushbu hodisa kiberxavfsizlik olamida katta shov-shuvga sabab boʻldi, chunki oflayn hamyonlar uzoq vaqtdan beri kriptoaktivlarni saqlashning eng ishonchli usuli sifatida eʼtirof etib kelingan edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Galaxy Research tadqiqot firmasining xabar berishicha, ushbu raqamli talonchilik ortida bir emas, balki bir nechta mustaqil kiberguruhlar turgan boʻlishi mumkin va hozircha ularning shaxsi aniqlanmagan. Kriptovalyutalarni kuzatuvchi Elliptic kompaniyasi hammuassisi Tom Robinson TechCrunch nashriga bergan intervyusida oʻgʻirlangan mablagʻlarning umumiy miqdori taxminan 130 million dollarni tashkil etishini tasdiqlagan. TRM Labs maʼlumotlariga koʻra, joriy yil boshidan buyon kriptovalyuta kompaniyalariga qarshi 200 dan ortiq xakerlik hujumlari uyushtirilib, umumiy zarar 950 million dollardan oshib ketgan.
Oflayn hamyonlarning asosiy himoya tizimi qayerda ish bermadi?
Coldcard kabi apparat hamyonlarining asosiy afzalligi shundaki, ular internet tarmogʻiga ulanmagan holda ishlaydi. Bitcoin egalari oʻzlarining maxfiy kalitlarini yoki parolni bildiruvchi seed-frrazalarni internetdan mutlaqo uzoqda saqlashadi. Bu jarayon anʼanaviy onlayn yoki birja hisobvaraqlaridagi «issiq» hamyonlarga nisbatan xavfsizlikni kafolatlaydigan «sovuq» saqlash usuli deb ataladi. Asosiy blokcheyn tarmogʻidagi tangalar oʻz joyida qolsa-da, ularga kirish huquqi faqatgina shu oflayn qurilmadagi maxfiy parol orqali taʼminlanishi kerak edi.Biroq Block xavfsizlik tadqiqotchilarining aniqlashicha, xakerlar Coldcard hamyonlari foydalanuvchilarning seed-frrazalarini yaratish jarayonidagi zaiflikni topishga erishgan. Maʼlum boʻlishicha, ushbu kalitlar yetarlicha tasodifiy emas va ularni oldindan taxmin qilish mumkin boʻlgan. Kodlarni yaratish qoidalarini aniqlab olgan kiberjinoyatchilar jabrlanuvchilarning maxfiy soʻzlarini brute-force (matematik usulda tanlash) orqali osongina hisoblab chiqqan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, xakerlar seyfni buzib kirish oʻrniga, uning kalitini masshtabli ravishda yasash usulini topishgan.
Jabrlangan foydalanuvchilardan biri Jonathan Goodman oʻzining X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida 1,6 million dollar miqdoridagi mablagʻidan ayrilganini yozib, barcha xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilganini maʼlum qildi. U oʻzining maxfiy soʻzlarini hech kimga bermagani, qurilmalari internetga umuman ulanmagani va barcha maʼlumotlar seyflarda saqlanganini taʼkidlagan. uning soʻzlariga koʻra, bularning foydasi boʻlmagan, chunki qurilmaning dasturiy taʼminotiga 2021-yilda kiritilgan va bitta qatordan iborat boʻlgan zaif kod butun tizimni xavf ostiga qoʻygan.






























Izohlar 0
…