AQShda uzoq kosmos uchun yangi yadroviy energiya manbasi yaratildi

AQShning L3Harris Technologies kompaniyasi kosmik kemalar uchun mo‘ljallangan Next-Generation RTG yadroviy energiya manbasini ishlab chiqishda muhim bosqichni yakunladi. Loyiha ishlab chiqarish jarayoniga o‘tishdan oldin yakuniy konstruksiyaviy tekshiruvdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Ushbu radioizotop generatori quyosh nuri yetib bormaydigan uzoq kosmik masofalarda apparatlarni elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun xizmat qiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi tizim plutoniy-238 parchalanishidan hosil bo‘ladigan issiqlik hisobiga taxminan 250 vatt quvvat ishlab chiqaradi. Avvalgi avlodlarga nisbatan ixchamroq va samaraliroq bo‘lgan bu qurilma NASA missiyalari uchun katta ahamiyatga ega. RTG texnologiyasi avval ham Voyager, Cassini, New Horizons hamda Curiosity va Perseverance kabi afsonaviy apparatlarda muvaffaqiyatli qo‘llanilgan.
L3Harris mutaxassislarining ta'kidlashicha, yangi tizim eng uzoq kosmik obyektlarga uzoq muddatli missiyalarni amalga oshirish imkonini beradi. Xususan, NASAning Uran sayyorasiga rejalashtirilayotgan missiyasida ikkita shunday generatorni o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Kelajakda ushbu texnologiya Neptun, Triton va Koyper belbog‘i obyektlarini o‘rganishda asosiy energiya manbai bo‘lishi kutilmoqda.
Loyiha 2021-yilda Aydaho milliy laboratoriyasi buyurtmasi bilan boshlangan bo‘lib, muhandislar eski texnologiyalarni qayta tiklash va ishlab chiqarish hujjatlarini yangilash ustida ishladilar. 2027-yilda seriyali ishlab chiqarishga tayyorgarlik bo‘yicha navbatdagi tekshiruv o‘tkaziladi. Agar barcha jarayonlar reja asosida ketsa, yangi generatorlar 2030-yillarning boshida NASA missiyalarida foydalanishga topshiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!