Beeline Rossiyada boshqa operatorlarga cheksiz qo‘ng‘iroqlar xizmatini joriy qildi

«VimpelKom» kompaniyasi (Beeline brendi) o‘z mijozlari uchun «Sevimli raqamlar» nomli yangi xizmatni ishga tushirdi. Ushbu xizmat foydalanuvchilarga boshqa mobil operatorlar raqamlariga ham cheklovlarsiz qo‘ng‘iroq qilish imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kompaniya matbuot xizmatining ta’kidlashicha, boshqa operatorlarning raqamlariga cheksiz qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati Rossiya bozorida ilk bor taqdim etilmoqda. Mijozlar o‘zlarining «Sevimli raqamlar» ro‘yxatiga beshtagacha raqamni qo‘shishlari mumkin.
Xizmatning ishlash mexanizmi Beeline ilovasi orqali amalga oshiriladi. Mijoz raqamni ilovaga kiritgandan so‘ng, ushbu raqam egasi SMS orqali tasdiqlov yuborishi kerak. Shundan so‘ng, foydalanuvchi ilova orqali yaqinlarining balans holati, tarif rejasi va paket qoldiqlarini kuzatib borishi mumkin.
Yangi va amaldagi mijozlar uchun xizmatni birinchi marta faollashtirganda 7 kunlik bepul sinov muddati taqdim etiladi. Sinov muddati tugagandan so‘ng, xizmatning oylik to‘lovi 290 rublni tashkil qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!