Anthropic kichik biznes egalari uchun yangi xizmatlarni taqdim etdi

Sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri boʻlgan Anthropic kichik va oʻrta biznes vakillariga moʻljallangan Claude for Small Business xizmatini ishga tushirdi. Ushbu yangi yechim yirik korporatsiyalardan farqli oʻlaroq, mahalliy doʻkonlar va kichik xizmat koʻrsatish shoxobchalari ehtiyojlariga moslashtirilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi funksiyalar Claude Cowork platformasi orqali taqdim etiladi. Foydalanuvchilar bu orqali buxgalteriya hisobi, biznes tahlili va reklama kampaniyalari uchun generativ vositalardan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, tizim QuickBooks, Canva, Docusign, HubSpot va PayPal kabi mashhur dasturlar bilan integratsiya qilingan.
Anthropic maʼlumotlariga koʻra, kichik biznes AQSH yalpi ichki mahsulotining 44 foizini tashkil etsa-da, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishda yirik kompaniyalardan ortda qolmoqda. Kompaniya ushbu boʻshliqni toʻldirish uchun AQSHning 10 ta shahrida bepul oʻquv seminarlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Ushbu qadam OpenAI kompaniyasining ChatGPT Business yechimiga raqobat sifatida baholanmoqda. Bozor tahlilchilari fikricha, sunʼiy intellekt platformalari oʻrtasidagi kurash endilikda yirik korporatsiyalardan kichik biznes segmentiga koʻchmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!