Rivian kompaniyasining Mind Robotics loyihasi yana 400 million dollar mablag‘ jalb qildi

Rivian kompaniyasidan ajralib chiqqan Mind Robotics startapi sanoat robototexnikasini rivojlantirish va zavod jarayonlarini avtomatlashtirish maqsadida yana 400 million dollar sarmoya to‘pladi. Bu moliyaviy bosqich kompaniya 500 million dollar jalb qilganidan atigi ikki oy o‘tib amalga oshirildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Wall Street Journal xabariga ko‘ra, ushbu investitsiya raundi Kleiner Perkins boshchiligida o‘tdi. Shuningdek, Rivian bilan dasturiy ta’minot bo‘yicha hamkorlik qilayotgan Volkswagen hamda Salesforce kompaniyalari ham ushbu loyihaga sarmoya kiritgan.
Mind Robotics direktorlar kengashi raisi va Rivian bosh direktori RJ Scaringe mart oyida TechCrunch nashriga bergan intervyusida ushbu kompaniyani boshqa startaplar sanoat ishlarini avtomatlashtirishga to‘liq tayyor emasligi sababli tashkil etganini ta’kidlagan edi. Dastlab "Project Synapse" nomi bilan tanilgan loyiha "inson qobiliyatlariga ega robototexnika" yaratishni maqsad qilgan.
Kompaniya 2025-yilda tashkil etilganidan buyon jami 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ to‘pladi. Hozirgi kunda Mind Robotics kompaniyasining bozor qiymati 3 milliard dollardan oshgan. RJ Scaringe, shuningdek, shu kungacha 300 million dollardan ortiq sarmoya jalb qilgan Also nomli mikromobillik kompaniyasini ham asoslagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!