Fervo Energy aksiyalari sunʼiy intellekt talabi fonida 33 foizga oʻsdi

Geotermal energiya sohasidagi startap Fervo Energy fond bozoridagi ilk debyutidayoq muvaffaqiyat qozondi. Kompaniyaning bozor qiymati 10 milliard dollardan oshib ketdi, bunga asosan sunʼiy intellekt (AI) maʼlumotlar markazlarining elektr energiyasiga boʻlgan yuqori talabi sabab boʻldi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Chorshanba kuni oʻtkazilgan IPO doirasida Fervo Energy 1,89 milliard dollar mablagʻ jalb qildi. Investorlar tomonidan bildirilgan katta qiziqish tufayli kompaniya aksiyalar narxini ikki marta oshirishga majbur boʻldi va yakunda har bir aksiya 27 dollardan sotildi. Nasdaq birjasida FRVO belgisi ostida savdoga chiqqan kompaniya aksiyalari birinchi kuniyoq 33 foizga qimmatladi.
Fervo Energy neft va gaz sanoatida qoʻllaniladigan yoʻnalishli burgʻulash texnologiyalaridan foydalangan holda yer osti issiqligini elektr energiyasiga aylantiradi. Kompaniya ushbu mablagʻlarni Yutadagi Cape Station elektr stansiyasini rivojlantirishga sarflaydi. Loyihaning birinchi bosqichi yakunlangach, stansiya 500 megavatt quvvat ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Kompaniya strategiyasi boʻyicha vitse-prezidenti Sara Juettning soʻzlariga koʻra, Cape Station hududida 4 gigavattgacha quvvat olish imkonini beruvchi issiqlik manbalari mavjud. Hozirda koʻplab texnologik kompaniyalar oʻz maʼlumotlar markazlarini uzluksiz energiya bilan taʼminlash uchun Fervo Energy bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!