Rossiya xakerlari Signal foydalanuvchilarini nishonga olmoqda

Kiberxavfsizlik boʻyicha tadqiqotchi Donncha Ó Cearbhaill oʻzining Signal akkauntiga kelgan shubhali xabarni aniqladi. Xabarda goʻyoki Signal xavfsizlik xizmati nomidan foydalanuvchi qurilmasida maʼlumotlar sizib chiqishi kuzatilgani va buni oldini olish uchun maxsus kodni kiritish kerakligi aytilgan. Amnesty International tashkilotining Xavfsizlik laboratoriyasini boshqaradigan mutaxassis bu firibgarlik ekanligini darhol angladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Ó Cearbhaill ushbu hujumni shunchaki eʼtiborsiz qoldirmasdan, uni chuqurroq oʻrganishga qaror qildi. Tadqiqotchi bu kabi fishing urinishlari ortida Rossiya hukumati bilan bogʻliq xakerlik guruhi turganini aniqladi. Xakerlar foydalanuvchilarni aldab, ularning akkauntlarini oʻz nazorati ostidagi qurilmalarga bogʻlashga urinishgan.
AQSHning CISA agentligi, Buyuk Britaniya va Niderlandiya razvedka xizmatlari ham aynan shu turdagi kiberhujumlar haqida ogohlantirish bergan edi. Der Spiegel nashrining maʼlum qilishicha, ushbu kampaniya doirasida Germaniyadagi yuqori lavozimli siyosatchilar ham zarar koʻrgan.
Tadqiqotchi oʻz kuzatuvlari natijasida ushbu xakerlik hujumi 13 500 dan ortiq foydalanuvchiga qaratilganini maʼlum qildi. Signal platformasi ham oʻz navbatida foydalanuvchilarni fishing xavfidan ogohlantirib, hech qachon shubhali havolalar orqali kodlarni kiritmaslikni tavsiya qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!