OpenAI xodimlari qurilmalariga xakerlik hujumi uyushtirildi

OpenAI kompaniyasi yaqinda yuz bergan kiberhujum oqibatida o‘z xodimlarining qurilmalari zarar ko‘rganini tasdiqladi. Xakerlar dasturchilar tomonidan keng foydalaniladigan TanStack ochiq kodli loyihasini nishonga olib, unga zararli kodlarni kiritishgan. Ushbu hujum ta’sirida OpenAI xodimlarining ayrim ichki kod omborlariga ruxsatsiz kirish va ma’lumotlar o‘g‘irlanishi kuzatilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari yoki asosiy ishlab chiqarish tizimlari xavf ostida qolmagani ma’lum qilindi. Shunga qaramay, ehtiyot chorasi sifatida OpenAI o‘z mahsulotlarini imzolashda foydalaniladigan raqamli sertifikatlarni yangilashga qaror qildi. Bu jarayon macOS foydalanuvchilaridan ilovani yangilashni talab qiladi.
Ta’kidlash joizki, bu turdagi «ta’minot zanjiri» hujumlari so‘nggi paytlarda ko‘payib bormoqda. Xakerlar kompaniyalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilish o‘rniga, ommabop ochiq kodli dasturiy ta’minotlarni egallab olib, ularga zararli yangilanishlarni yashirincha kiritishmoqda. Bu usul orqali jinoyatchilar bir vaqtning o‘zida ko‘plab tizimlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Hozircha TanStack loyihasiga qilingan hujum ortida kimlar turgani aniqlanmagan. Avvalroq shunga o‘xshash taktikalar Shimoliy Koreya va Xitoy bilan bog‘liq xakerlik guruhlari tomonidan ham qo‘llanilgani qayd etilgan edi. OpenAI mutaxassislari xavfsizlik choralarini kuchaytirishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!