Rossiyaning yangi Soyuz-5 raketasi seriyali ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda

Roskosmos yangi Soyuz-5 raketa-tashuvchisini sinovdan o‘tkazish bosqichini yakunlab, uni seriyali ishlab chiqarishga o‘tishni rejalashtirmoqda. Tashkilot rahbari Dmitriy Bakanovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ikkinchi va uchinchi parvoz namunalari tayyorlanmoqda, shundan so‘ng raketa to‘liq seriyali ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Soyuz-5 raketasi dunyodagi eng kuchli suyuqlikli raketa dvigateli hisoblangan RD-171 bilan jihozlangan. Ushbu texnologik yechim raketaga past orbitaga 18,5 tonnagacha bo‘lgan yuklarni olib chiqish imkonini beradi. Mutaxassislar raketaning texnik ko‘rsatkichlari hozirgi zamonaviy jahon standartlariga to‘liq javob berishini ta’kidlashmoqda.
Rossiya kosmik sanoatni rivojlantirish doirasida infratuzilmani ham kengaytirmoqda. Xususan, mamlakatda birinchi xususiy kosmodrom qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u yerda yiliga 50 tagacha raketa uchirilishi ko‘zda tutilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!