Gmail endi sunʼiy intellekt yordamida muloqot qila oladi

Google kompaniyasi oʻzining Google I/O 2026 anjumanida Gmail uchun yangi "AI Inbox" funksiyasini taqdim etdi. Endilikda foydalanuvchilar qidiruv satriga kalit soʻzlarni kiritish oʻrniga, oʻz elektron pochtalari bilan bevosita suhbatlashishlari mumkin. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Gemini sunʼiy intellekti asosida ishlovchi Gmail Live xizmati pochtadagi maʼlumotlarni tezkor topishga yordam beradi. Masalan, foydalanuvchi boʻlajak parvoz vaqti, shifokor qabuli yoki mehmonxona raqami kabi aniq tafsilotlarni oddiy savol berish orqali bilib olishi mumkin.
Gmail mahsulot rahbari Devanshi Bhandari taʼkidlashicha, Gmail Live tabiiy tilda berilgan savollarni tushunadi, qoʻshimcha savollarga javob bera oladi va mavzular oʻzgarganda ham suhbatni davom ettira oladi. Bu texnologiya ChatGPT kabi chatbotlar singari foydalanuvchiga murakkab qidiruv jarayonlarisiz kerakli maʼlumotni taqdim etadi.
Google ushbu yangilik orqali sunʼiy intellektning kundalik hayotdagi amaliy foydasini koʻrsatishni maqsad qilgan. Shuningdek, xuddi shu ovozli texnologiya Google Keep ilovasiga ham joriy etilishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!