Venesueladagi kuchli zilzila qurbonlari soni 4100 nafardan oshdi

Venesueladagi kuchli zilzila qurbonlari soni 4100 nafardan oshdi

Iyun oyida Venesuelada sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni yanada ortdi. So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat qurbonlari soni 4118 nafarga yetgan. Bu haqda Venesuela Milliy assambleyasi prezidenti Horxe Rodriges ma’lumotiga tayanib TASS agentligi xabar qildi.

Uning ma’lum qilishicha, halokat oqibatida 16 740 nafar kishi turli darajada jarohat olgan. Shuningdek, 17 907 nafar fuqaro o‘z uy-joyidan ayrilib, vaqtincha boshpanasiz qolgan. Kuchli yer silkinishi oqibatida mamlakat bo‘ylab 190 ta bino butunlay vayron bo‘lgan, yana 856 ta inshoot esa jiddiy darajada shikastlangan.

Qutqaruvchilar tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari davomida 6462 nafar inson vayronalar orasidan sog‘-omon qutqarib olingan. Tabiiy ofatdan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonalar va tibbiyot muassasalarida 29 966 nafar bemor davolangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar 86 794 ta oila davlat va maxsus xizmatlar tomonidan turli ko‘mak bilan ta’minlangan. Shuningdek, jabrlangan aholiga 9766 tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Venesueladagi kuchli zilzila 24 iyun kuni kechqurun sodir bo‘lgan edi. O‘shanda atigi 40 soniya ichida magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan ikkita kuchli yer silkinishi qayd etilgan. Zilzila epitsentrlari Yarakuy shtati hududida, bir-biridan taxminan 10 kilometr masofada joylashgan edi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar