date

Sunʼiy intellekt xotira muammosini hal etuvchi startap 135 mln dollar jalb qildi

Sunʼiy intellekt xotira muammosini hal etuvchi startap 135 mln dollar jalb qildi

Har safar ChatGPT orqali soʻrov yuborganingizda, maʼlumotlar haqiqiy estafeta poygasini bosib oʻtadi. Axborot xotiradan chiqib, dastlabki ishlov berish uchun CPU orqali oʻtadi, soʻngra murakkab hisob-kitoblar uchun GPUga boradi va yana ortga qaytadi. Sunʼiy intellekt (AI) tomonidan yaratilgan har bir soʻz uchun ushbu jarayon takrorlanadi. Janubiy Koreya va AQSHda ofislariga ega boʻlgan XCENA startapi aynan shu tizimli muammoni hal qilishni maqsad qilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Toʻrt yillik tarixga ega startap hisoblash imkoniyatlarini DRAM xotirasiga maksimal darajada yaqinlashtiruvchi chip ishlab chiqdi. Bu odatiy maʼlumotlar operatsiyalarini protsessor va xotira oʻrtasidagi qimmatli va energiya talab qiluvchi "sayohatlarsiz" amalga oshirish imkonini beradi. Agar ushbu texnologiya keng miqyosda joriy etilsa, AI infratuzilmasi xarajatlarini keskin kamaytirishi mumkin. Shu sababli investorlar loyihaga katta qiziqish bildirmoqda: XCENA yaqinda B seriyasidagi investitsiya raundida 135 million dollar jalb qildi va kompaniya qiymati 570 million dollarga yetdi.

XCENA asoschilari Jin Kim, Dohun Kim va Harry Juhyun Kim oʻz vaqtida Samsung va SK Hynix kabi xotira gigantlarida faoliyat yuritgan mutaxassislardir. "Oʻtgan oʻn yilliklar davomida CPU va GPUlar aqlliroq boʻldi, ammo xotira oʻzgarmadi. Biz buni oʻzgartirmoqchimiz", — deydi Jin Kim. Uning taʼkidlashicha, AI sohasidagi asosiy toʻsiq endi faqat hisoblash quvvati emas, balki xotira tizimining samaradorligidir.

Kompaniyaning MX1 chipi CXL (Compute Express Link) texnologiyasi orqali protsessorga ulanadi va maʼlumotlarni xotira modulining oʻzidayoq qayta ishlaydi. Startap vakillarining soʻzlariga koʻra, ilgari 10 ta server talab qilingan vazifani endilikda bitta serverda bajarish mumkin boʻladi. Bu ayniqsa AI infratuzilmasiga milliardlab dollar sarflaydigan yirik texnologik kompaniyalar (hyperscalers) uchun juda jozibador yechimdir.

Hozirda MX1 chipi prototip bosqichida turibdi. Rejaga koʻra, ushbu chiplarni ommaviy ishlab chiqarish 2026-yil yakuniga qadar Samsung zavodlarida yoʻlga qoʻyiladi. Kompaniya 2027-yildan boshlab ilk daromadlarni olishni koʻzlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » Sunʼiy intellekt xotira muammosini hal etuvchi startap 135 mln dollar jalb qildi