Rossiyada agrodronlar qishloq xoʻjaligi maydonlarini qayta ishlashni boshladi

Rossiyada agrodronlar qishloq xoʻjaligi maydonlarini qayta ishlashni boshladi

Rossiyaning Kaliningrad viloyatida qishloq xoʻjaligi maydonlariga agrodronlar yordamida ishlov berish boʻyicha tajriba loyihasi ishga tushirildi. Mazkur tashabbus “Aeromaks” kompaniyasi va mintaqaning eng yirik agroxoldingi “DolgovGrupp” hamkorligida amalga oshirilmoqda. Oktyabr oyiga qadar davom etadigan loyiha doirasida uchuvchisiz uchish apparatlari minglab gektar yerlarni qayta ishlaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Asosiy e’tibor an’anaviy ogʻir texnikadan foydalanish qiyin boʻlgan yoki samarasiz hisoblangan murakkab relyefli hududlarga qaratilgan. Ishlar Gusev, Nesterov, Chernyaxovsk kabi oltita munitsipal okrug hududida olib borilmoqda. Agrodronlar besh metrgacha boʻlgan balandlikda uchib, oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini yuqori aniqlikda sepish imkoniyatiga ega.

Ushbu texnologiyaning afzalligi shundaki, u ekinlarga zarar yetkazmaydi va ogʻir texnikadan farqli oʻlaroq, tuproqning zichlashib ketishiga yoʻl qoʻymaydi. Shuningdek, dronlar sutkaning istalgan vaqtida va yomgʻirdan soʻng darhol ishlay olishi sababli agrotexnik tadbirlarning tezkorligi sezilarli darajada oshadi.

Mazkur loyiha 2030-yilgacha moʻljallangan “Yantarniy dron” mintaqaviy dasturining bir qismi boʻlib, u agrosanoat majmuasini raqamlashtirishni koʻzda tutadi. Kelajakda bunday texnologiyalar qishloq xoʻjaligi samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar