Google Pixel 9 ekranida yashil chiziq paydo boʻldi
Reddit forumida Gold_Blacksmith_7678 niki bilan tanilgan Google Pixel 9 smartfoni egasi navbatdagi xavfsizlik yangilanishini oʻrnatgandan soʻng kutilmagan muammoga duch kelganini maʼlum qildi. Foydalanuvchining soʻzlariga koʻra, dasturiy taʼminot yangilangach, qurilma displeyida butun ekran boʻylab oʻtuvchi xarakterli yashil chiziq paydo boʻlgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bunday turdagi nuqsonlar Google Pixel smartfonlari foydalanuvchilari uchun begona emas, biroq bu safar kompaniyaning munosabati koʻpchilikni hayron qoldirdi. Google qoʻllab-quvvatlash xizmati smartfonning kafolat muddati tugaganini roʻkach qilib, foydalanuvchiga 400 dollar evaziga pullik taʼmirlashni yoki yangi qurilma sotib olish uchun 20 foizlik chegirma taklif qildi.
Smartfon egasi ushbu qarorga qatʼiyan eʼtiroz bildirdi. Uning taʼkidlashicha, Google Pixel 9 hech qanday mexanik shikastlanishga uchramagan, tushirib yuborilmagan va suv tegmagan. Muammo aynan tizim yangilanishidan soʻng darhol yuzaga kelganini isbotlashga harakat qildi.
Bir necha bor qilingan murojaatlar va holatning ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinishidan soʻng, Google oʻz pozitsiyasini oʻzgartirishga majbur boʻldi. Kompaniya vaziyatni qayta koʻrib chiqib, qurilmani maxsus "istisno tariqasidagi qoʻllab-quvvatlash dasturi" doirasida bepul almashtirib berishga rozi boʻldi.





























Izohlar 0
…