Yolgʻizlikka qarshi sunʼiy intellekt qurilmasi yangi ovoz va qimmat narx bilan qaytdi

Yolgʻizlikka qarshi sunʼiy intellekt qurilmasi yangi ovoz va qimmat narx bilan qaytdi
Qisqacha

Ikki yil avval taqdim etilgan va matnli xabarlar orqali muloqot qiladigan Friend deb nomlangan taqiluvchi sun'iy intellekt qurilmasi endilikda ovozli imkoniyatlar bilan yangilandi. Loyiha muallifi Avi Schiffmann o'zining X ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida qurilmaning yangi versiyasini e'lon qildi va uning chakana narxi 249 dollarni tashkil etmoqda.

Sunʼiy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi nafaqat yordamchi dasturlar, balki insonning yolgʻizligini kamaytirishga qaratilgan gajetlarni ham yaratish imkonini bermoqda. Ikki yil avval taqdim etilgan va foydalanuvchiga matnli xabarlar yuborish orqali muloqot qiladigan Friend deb nomlangan taqiluvchi sunʼiy intellekt qurilmasi endilikda tubdan yangilandi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur loyiha muallifi Avi Schiffmann oʻzining X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida qurilmaning ovozli imkoniyatlarga ega boʻlgan yangi versiyasini eʼlon qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Yangi talqindagi Friend oʻz ichiga oʻrnatilgan dinamik bilan jihozlangan boʻlib, u foydalanuvchiga oʻziga xos va turgʻun shaxsiyat sifatida javob bera oladi. Eʼlon qilingan reklama roliklaridan birida foydalanuvchi qiz marhum yoki sobiq munosabatlari haqida taqiluvchi marjon bilan suhbatlashishi, gajet esa unga dalda beruvchi fikrlar bildrishi tasvirlangan. Shuningdek, boshqa lavhada erkak kishi oʻzining kinochilikdagi rejalari haqida gaplashib, qurilmadan maqtov eshitishini koʻrish mumkin.

Narxning keskin oshishi va marketing strategiyasi

Qurilmaning imkoniyatlari kengaygani uning narxiga ham taʼsir koʻrsatdi. Agar bundan ikki yil muqaddam mazkur sunʼiy intellekt gadjeti 99 AQSh dollari atrofida baholangan boʻlsa, yangi taqdim etilgan talqining chakana narxi 249 dollarni tashkil etmoqda. Bu esa avvalgi qiymatdan sezilarli darajada qimmat ekanini koʻrsatadi.

Shunga qaramay, mazkur gajet kundalik yumushlarni bajarishda qanday real foyda keltirishi hozircha toʻliq tushunarsizligicha qolmoqda. Loyiha asoschisi Avi Schiffmann oʻzining postlaridan birida qurilmaning asl maqsadi haqida toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, mazkaur sunʼiy intellekt yordamchi ham, sevgilining oʻrnini bosuvchi ham emas, balki shunchaki ishonchli suhbatdosh, doʻst vazifasini oʻtashga intiladi.

Sunʼiy intellekt gajetlarining bozordagi oʻrni

Plastmassadan yasalgan va algoritmlarga asoslangan marjonni sirli doʻst sifatida taqdim etish gʻoyasi marketing nuqtai nazaridan juda dadil qadamdir. Biroq loyiha ilgari ham oʻzining shov-shuvli kampaniyalari bilan eʼtiborni tortgan edi. Xususan, oʻtgan yili Nyu-York shahridagi metro tizimida oʻrnatilgan reklama bannerlari tezda ommalashgan, biroq odamlar oʻrtasidagi tabiiy muloqot raqamli amulet bilan almashtirilishiga qarshi chiqqan fuqarolar tomonidan tez-tez shikastlab ketilgan edi.

Umuman olganda, hozircha bozorda sunʼiy intellektga asoslangan taqiluvchi qurilmalar keng ommalashib ketgani yoʻq. Friend'ga oʻxshash boshqa bir urinish — iPhone oʻrnini bosishni maqsad qilgan Humane Inc. kompaniyasining sunʼiy intellekt nishonchasi past savdo koʻrsatkichlari tufayli bir yildan kamroq vaqt ichida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan edi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar